TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Bugun O‘zbekistonning barcha hududlarida umumxalq xayriya hashari bo‘lib o‘tmoqda.
Respublikaning barcha hududlarida e’lon qilingan “Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki” shiori ostida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hashari davom etmoqda.
“Navruz bayrami arafasida o‘tkazilayotgan ushbu hasharda Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzakov boshchiligida hokimlik xodimlari ham ishtirok etib, hududlarda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlariga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar”, — deb yozadi poytaxt hokimligi.
Xayriya hasharida Vazirlar Mahkamasining xodimlari va O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov ham ishtirok etdi.
“Bugun, 17-mart kuni Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi 3 gektardan ziyodroq maydonga qariyb ikki mingga yaqin eman, qayrag‘och, terak, o‘rik, bodom singari mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi”, — deyiladi Hukumat xabarida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bo‘ylab 16-18 mart kunlari “Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi. Qayd etilishicha, hashar davomida barcha hududlardagi 9000 dan ortiq mahallada 16 million tupdan ortiq mevali va manzarali ko‘chatlar ekiladi.