O‘zbekiston va Penza viloyati o‘rtasida hamkorlik yo‘nalishlari kelishib olindi

Penza viloyati turoperatorlari O‘zbekiston sayyohlik salohiyatiga katta qiziqish bildirdi.
Sputnik
TOShKENT, 14 mar — Sputnik. O‘zbekiston va Rossiyaning Penza viloyati o‘rtasidagi hamkorlikni jadallashtirish yo‘nalishlari kelishib olindi, deya xabar berdi "Dunyo"AA.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari amaliy safar bilan Penza viloyatida bo‘lib, viloyat rahbariyati, ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishdi.
Qayd etilishicha, tashrif davomida diplomatlar O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati to‘g‘risida batafsil taqdimot o‘tkazishdi. Unda Penza viloyati madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Ildar Mavlyudov va hududdagi yetakchi turoperatorlar rahbarlari qatnashdi.
“Penza viloyati turoperatorlari O‘zbekiston sayyohlik salohiyatiga katta qiziqish bildirdi. Ularning aytishicha, Rossiya fuqarolari O‘zbekistonning Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa shaharlariga sayohat qilishdan zavq olmoqda. Ushbu omillar Penza viloyati va O‘zbekiston sayyohlik agentliklari o‘rtasidagi yaqin aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi”, — deyiladi xabarda.
Penza tomoni O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirishga ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston chet ellik sayyohlar uchun ochiq mamlakat. Jumladan, 93 ta davlat fuqarolari uchun vizasiz tizim mavjud. Hozirda 70 ta yangi turistik marshrutlar ochilgan va 6 ta xususiy aviakompaniya ish olib bormoqda.