TOShKENT, 14 mar — Sputnik. O‘zbekiston va Eron xotin-qizlar tashkilotlari o‘rtasida amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi, deya xabar berdi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Nyu-Yorkda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Oliy Majlis Senati raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva Eron Islom Respublikasining Xotin-qizlar va oila masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti Ensiyo Xazaliy bilan uchrashdi.
“Ilmiy muassasalar o‘rtasida oila va xotin-qizlar muammolarini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik qilish hamda O‘zbekiston va Eronning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida talaba qizlar uchun almashinuv dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib olindi”, — deyiladi xabarda.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik doirasida xotin-qizlar tashkilotlari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama etildi.
"Bu borada ularning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-ma’rifiy hayotdagi ishtirokini oshirish, jamiyatdagi ijtimoiy mavqeyini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘shma loyihalar asosida birlashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi", — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Qayd etilishicha, oliy darajadagi, shuningdek, ikki davlat hukumatlari va parlamentlari o‘rtasidagi faol o‘zaro aloqalar mamlakatlar ayollari o‘rtasidagi hamkorlik uchun muhim platforma yaratmoqda.