Mirziyoyev "Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida" qaror imzoladi

2024 yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 11-mart kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 9 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida" qaror imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda aytilishicha, O‘zbekiston xalqi uchun ezgulik, birdamlik, olijanoblik va shukronalik timsoli bo‘lgan qutlug‘ Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish, diniy-ma’rifiy, madaniy qadriyatlarni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida:
2024 yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 11-mart kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlar amalga oshiriladi;
muruvvat, ahillik va hamjihatlikni ulug‘lovchi ushbu fazilatli oyda kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oila va mahallalarda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor beriladi;
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etiladi;
mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Prezidentining maslahatchisi M.M.Kamilov zimmasiga yuklanadi.
Ramazon oyi qachon boshlanishi rasman e’lon qilindi