TOShKENT, 6 mar — Sputnik. Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda zamonaviy transport-logistika markazini qurish uchun investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi "O‘ztemiryo‘lkonteyner" AJ.
"O‘ztemiryo‘lkonteyner" AJ boshqaruv raisi va Xitoyning "Shenzhen Neptune Logistics Co. Ltd." kompaniyasi tijoriy direktori bilan uchrashdi.
"Kompaniyaning tijoriy direktori Nensi Tang kelgusida O‘zbekistonda zamonaviy transport-logistika markazini qurish bo‘yicha 10-15 mln dollar atrofida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi", — deyiladi xabarda.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda “O‘ztemiryo‘lkonteyner” logistika markazlarini birgalikda ishlatish, yangi zamonaviy xablar barpo etish, distributsiya xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, vagon va konteynerlardan birgalikda foydalanish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Respublikada zamonaviy A+ toifadagi omborlarni tashkil etgan holda distributsiya xizmatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, "Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston" multimodal yo‘nalishi orqali Sian, Chengdu, Shendjen provinsiyalaridan konteyner tashuvlarini amalga oshirish, mavjud transport koridorlari orqali Turkiya va Yevropa mamlakatlariga konteynerlar tashish bo‘yicha hamkorlik qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.