TOShKENT, 5 mar — Sputnik. Rossiyaning Sverdlovsk viloyati ishbilarmonlari Samarqand va Toshkentdagi tadbirkorlar bilan hamkorlikka qiziqish bildirmoqda, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
O‘zbekistonning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari "Finansovaya Korporatsiya Otkritie" OAJ bankining G‘arbiy-Sibir vakolatxonasi bo‘limi menejeri Svetlana Shumatova, shuningdek, "Opora Rossii" kichik va o‘rta tadbirkorlik umumrossiya jamoat tashkilotining Sverdlovsk bo‘linmasi mutasaddilari bilan uchrashishdi.
Svetlana Shumatova avval erishilgan kelishuvga asosan "Finansovaya Korporatsiya Otkritie" bankining maxsus platformasi yordamida O‘zbekistonning sarmoyaviy va eksport salohiyati haqidagi taqdimot ishlab chiqilgani va nufuzli mijozlar o‘rtasida keng targ‘ib etilayotganini ma’lum qildi.
Uning aytishicha, bankning bir guruh mijozlari Samarqand shahriga rejalashtirilgan biznes missiyaga katta qiziqish bildirmoqda.
"Opora Rossii" kichik va o‘rta tadbirkorlik umumrossiya jamoat tashkilotining Sverdlovsk bo‘linmasi vakillari o‘z navbatida, ushbu birlashma a’zolari qishloq xo‘jalik, tekstil va trikotaj mahsulotlari, qurilish, sayyohlik va boshqa sohalarda O‘zbekiston tomoni bilan aloqalarni o‘rnatish istagida ekanligini bildirdi.
Mazkur jamoat tashkiloti Sverdlovsk viloyati tadbirkorlarining Toshkent shahriga amaliy safarini uyushtirishga tayyorligi ma’lum qilindi.
“Samarqand viloyati va Toshkent shahriga rejalashtirilgan biznes missiyalar davomida hududlararo aloqalarni yo‘lga qo‘yish, o‘zbek mahsulotlari eksportini ko‘paytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda”, — deyiladi xabarda.