O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda Ramazon oyi 11-mart kuni boshlanadi.
“Turkiy davlatlar ulamolari fiqhiy qoidalarga tayangan holda falakiy hisob-kitob va astronomik kuzatuvlarni e’tiborga olib, hijriy 1445-yil Ramazon oyining birinchi kuni milodiy 2024-yil 11-mart, dushanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqida yakdil fikrga keldilar”, — deyiladi xabarda.
Saharlik duosi — Navaytu an asuma sovma shahri ramazona minal fajri ilal mag‘ribi, xolisan lillahi ta’ala. Allohu akbar.
Iftorlik duosi — Allohumma laka sumtu va bika amantu va a’layka tavakkaltu va a’la rizqika aftartu, fag‘firli ya g‘offaru ma qoddamtu va ma axxortu.
Ramazon oyi musulmonlar uchun muqaddas oy hisoblanadi. Uning davomida barcha mo‘minlar ko‘proq tarovih va tilovat qilishlari, Qur’on xatm qilishi farz bo‘ladi.
Hadislarda aytilishiga ko‘ra, ushbu oyda gunohlar kechiriladi, hatto dushmanlarga ham rahm-shafqat ko‘rsatiladi, gunohkorlar ham do‘zaxdan ozod qilinadi.
Musulmonlar uchun Ramazon oyi o‘zaro birdamlik, mehribonlik, bir-birining xato va kamchiliklarini kechiradigan oydir. Ramazonda musulmonlar ko‘proq xayrli ishlar qilishi va bu yo‘lda birlashishi, bir-birini qo‘llashi uzoq yillardan beri yaxshi an’anaga aylangan. Bu oyda qariyalar ziyorat qilinadi, bemorlardan xabar olinadi, muhtojlarga yordam beriladi, musibatzada insonlardan ko‘ngil so‘raladi va yetimlar ovutilib, yupatiladi.
Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligining toq kechalaridan birida Qadr kechasi bor. Hadislarga ko‘ra, agar siz bu muborak kechani toat va ibodatda o‘tkazsangiz, go‘yo siz bu toat-ibodatni sakson uch yildan ko‘proq vaqt davomida tinmay bajarayotgandek bo‘lasiz.
Ramazon oyida to‘g‘ri ovqatlanishni tashkil etish muhim.
Sog‘lom ovqatlanish va oshqozon ichak tizimi salomatligini saqlash qator tavsiyalar:
Taomlanishni xurmodan boshlash. Xurmo ro‘za paytida kun davomida energiya bilan ta’minlaydigan uglevodlarning manbai hisoblanadi. Xurmo mevasi tolalari ovqat hazm qilish traktini ishlashini tartibga soladi. Bundan tashqari, xurmo magniy va kaliyga boy.
Ko‘p miqdorda suv ichish. Ayniqsa issiq havoda tanangizni suv bilan ta’minlash uchun yetarli miqdorda suv ichish juda muhimdir. Kun davomida chanqamaslik uchun og‘iz ochilgandan keyin va saharlikdan oldin yetarlicha suv iching. Ovqatlanish uchun ruxsat berilganda 8 stakan suv ichishga harakat qiling.
Chanqatadigan ovqatlar va mahsulotlardan saqlanish. Tuzli ovqatlar, konservalar, tuzlangan bodringlar, baliqlardan saqlaning. Bundan tashqari, ziravorlarga boy ovqatlardan saqlaning, chunki ular sizda chanqoq hissini chaqiradi. Ko‘proq meva va sabzavotlarni iste’mol qiling, ular organizmning suv zaxiralarini yangilaydi va to‘ldiradi.
Sekin, shoshmasdan iftorlik qilish. Uzoq muddatli ochlikdan so‘ng, tanaga katta miqdordagi oziq-ovqat tushishi – stressdir. Mo‘’tadil bo‘lishga harakat qiling, iftorni xurmo, suv bilan boshlang, keyin sho‘rva, salat yeyishingiz mumkin. Bir muncha vaqt o‘tgach, asosiy taomga o‘ting. Ortiqcha ovqatlanish ovqat hazm qilishda muammolar va oshqozon og‘rig‘iga sabab bo‘lishi mumkin. Iftorni iliq sho‘rva bilan boshlash ro‘za tutgandan keyin eng yaxshi ovqat bo‘lib, organizmning ozuqaviy moddalarini to‘ldiradi va tanani og‘irroq ovqatlar uchun tayyorlaydi.
Taomingizda barcha kerakli nutriyentlar mavjudligiga ishonch hosil qilish. Iftorda oqsillar, sabzavotlar, yormalar, mevalar va foydali yog‘lar kabi ovqatlar bo‘lishi kerak.
Sog‘lom ovqatlarni tanlash. Ratsioningizda don, yormalar, tovuq go‘shti, yog‘siz go‘sht, baliq, zaytun moyi va mevalar bo‘lishi kerak. Qovurilgan, sho‘r va yog‘li ovqatlardan saqlaning. Go‘sht, dukkaklilar, tuxum va sut mahsulotlari oqsilga boy. Ushbu oziq-ovqat mahsulotlaridan kamida bittasini har kuni iste’mol qilishingiz kerak.
Shirinliklardan saqlanish. Iftordan keyingi shirinliklar qorinda gaz to‘planishiga sabab bo‘ladi va ovqat hazm qilishni buzadi. Bundan tashqari, u qondagi glyukoza miqdorini oshiradi, bu esa shirinliklarga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshiradi. Shuning uchun iftorlikdan 2–3 soatdan keyin shirinliklarni iste’mol qilish tavsiya etiladi. Shirinliklarni foydaliroq mahsulotlarga: xurmo, quruq mevalar, shirin mevalar bilan almashtirish kerak.
Qahva (kofe) ichishdan tiyilish. Ramazon oyida bosh og‘rig‘i va uyqusizlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun qahva ichishni kamaytirishga harakat qiling.
Iftorlik va saharlik orasida yengil tamaddi qilib olish. Asosiy ovqatlanishni uch qismga bo‘lish va iftorlik va saharlik orasida yengil tamaddi qilib olish tavsiya qilinadi. Uchdan bir qismi murakkab uglevodlar, uchdan biri yog‘siz go‘sht yoki baliq, qolganlari esa sabzavot bo‘lishi kerak. Bu sog‘lom muvozanatli ovqatlanish bo‘ladi.