Ramazon oyi qachon boshlanishi rasman e’lon qilindi

Ulamolar Ramazon oyining birinchi kuni 11-mart kuniga to‘g‘ri kelishi haqida yakdil fikrga kelishdi.
Sputnik
TOShKENT, 5 mar — Sputnik. O‘zbekistonda Ramazon oyi 11-mart kuni boshlanadi. Bu haqida O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan haftada O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va Ozarbayjon kabi turkiy davlatlar Fatvo hay’atlarining onlayn majlisi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ulamolar va soha mutaxassislari tomonidan Ramazon oyi hilolini kuzatish bo‘yicha qilinayotgan ishlar, falakiy hisob-kitoblar, astronomik ma’lumotlar atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, dunyodagi yirik fatvo idoralari va nufuzli astronomiya institutlari axborotlari batafsil ko‘rib chiqildi.
“Turkiy davlatlar ulamolari fiqhiy qoidalarga tayangan holda falakiy hisob-kitob va astronomik kuzatuvlarni e’tiborga olib, hijriy 1445-yil Ramazon oyining birinchi kuni milodiy 2024-yil 11-mart, dushanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqida yakdil fikrga keldilar”, — deyiladi xabarda.
Ramazon taqvimi 2024 — saharlik va iftorlik vaqtlari