Mirziyoyev Toshkentda ochilgan boks bo‘yicha Bahodir Jalolov maktabini borib kurdi

Mirziyoyev: endi Bahodir Jalolov maktabi o‘z yo‘nalishida xuddi Prezident maktabidek namunaviy tizim bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 5 mar — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda ochilgan Bahodir Jalolov sport mahorati maktabini borib ko‘rdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Sport maktabida xalqaro darajadagi bokschilar tayyorlanadi. Buning uchun yuqori malakali murabbiy va mutaxassislarni jalb etish, o‘quv-mashg‘ulotlarni xalqaro standartlar darajasida tashkil qilish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bahodir Jalolov sport mahorati maktabi
Binoning birinchi qavatida asosiy sport zali, suzish havzasi, tibbiyot xonasi va oshxona bor.
Ikkinchi qavatda psixologiya, xorijiy tillar, nazariy mashg‘ulotlar, informatika va o‘qituvchilar xonalari, shuningdek, 45 o‘rinli mehmonxona joylashgan.
Uchinchi va to‘rtinchi qavatlarda 235 o‘rinli yotoqxona, ma’naviyat xonasi tashkil etilgan. Shuningdek, bino yerto‘lasida avtoturargoh qurilgan.
Bino Yunusobod tumanidagi 259-umumta’lim maktabi bilan yonma-yon joylashgan. Yosh bokschilar umumta’lim fanlarini shu yerda o‘qishadi. Boks maktabi 175 o‘ringa mo‘ljallangan. Uning 5-11-sinflariga har yili 25 nafardan o‘quvchi saralab olinadi. Ilk iqtidorlar 2022-yilgi o‘quv yilida qabul qilingan. Hozirda 50 nafar o‘quvchi saboq olmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda ochilgan Bahodir Jalolov sport mahorati maktabini borib ko‘rdi
Bahodir Jalolov sport mahorati maktabi o‘quvchilari 2023-yilda xalqaro va respublika musobaqalarida 26 ta oltin, 18 ta kumush, 15 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan. Bu yil ham qator turnirlarda ishtirok etish rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda ochilgan Bahodir Jalolov sport mahorati maktabini borib ko‘rdi
"Boks bo‘yicha dunyoda yetakchilar qatoridamiz. Bu salohiyatni, iqtidorli yoshlarimizni rivojlantirish maqsadida shu maktabni tashkil etdik. Endi Bahodir Jalolov maktabi o‘z yo‘nalishida xuddi Prezident maktabidek namunaviy tizim bo‘ladi. Boks metodologiyasi, diyetologiyasi, tibbiyoti, psixologiyasi hududlardagi sport maktablarida ham rivojlantiriladi", – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda ochilgan Bahodir Jalolov sport mahorati maktabini borib ko‘rdi
Ma’lumot uchun, Bahodir Jalolov Olimpiada va Osiyo o‘yinlari g‘olibi, ikki karra jahon va uch karra Osiyo chempioni hisoblanadi. Davlat rahbarining 2022-yil 14-martdagi qaroriga muvofiq, Boks bo‘yicha Bahodir Jalolov sport mahorati maktabi tashkil etildi.