TOShKENT, 4 mar — Sputnik. Sug‘urta polislarini qog‘oz shaklida rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinadi. Bu haqda prezident imzolagan tegishli qarorda nazarda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-sentabrdan sug‘urtaning barcha turlari bo‘yicha sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish va sug‘urta polislarini ushbu tizim orqali rasmiylashtirish majburiy hisoblanadi.
Shuningdek, barcha sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta polislarini faqat qog‘oz shaklda rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinadi.
“Sug‘urta polislarini axborot tizimi orqali rasmiylashtirmaslik ularni haqiqiy emas deb topishga asos bo‘ladi. Sug‘urtalovchi tomonidan litsenziya talablari va shartlarini bir marta qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi”, — deyiladi hujjat matnida.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi sug‘urtalovchilar tomonidan ko‘rsatiladigan sug‘urta xizmatlari sifati bo‘yicha sug‘urtalovchilar reytingini yuritadi va ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi.
Quyidagilarga shartnomalarning o‘z vaqtida rasmiylashtirilishini ta’minlash majburiyati yuklatiladi:
Coliq qo‘mitasi va Transport vazirligiga ish beruvchining va tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomalarini;
Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasiga xavfli ishlab chiqarish obyektida avariya yuz bergan taqdirda boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomalarini;
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga obyektlarni davlat mablag‘lari va hukumat kafolati ostidagi kreditlar hisobiga barpo etishda qurilish tavakkalchiliklarini majburiy sug‘urta qilish shartnomalarini.