TOShKENT, 2 mar — Sputnik. O‘zbekiston elchisi Ashraf Xodjayev Qatarda eng yirik sut mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi "Baladna" fermer xo‘jaligi bosh ijrochi direktori Malkolm Jordan bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Uchrashuv davomida Qatar tomoni O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida Buxoro yoki Jizzax viloyatida loyihalarni amalga oshirish maqsadida tegishli o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Tegishli o‘rganish ishlari yakunlangach, "Baladna" kompaniyasi vakillari keyingi muzokaralar uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishadi.
"Baladna" kompaniyasi 2014-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Qatarning eng yirik mahalliy oziq-ovqat va sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Kompaniya cho‘l sharoitida tashkil etilgan zamonaviy barcha qulayliklarga ega chorvachilik xo‘jaligi sanaladi.
Mazkur sohada Qatar ichki bozorining 70 foizi kompaniya ulushiga to‘g‘ri keladi. Yillik daromadi – 2,2 milliard dollar, ishchilar soni – 1850 nafar kishi. Umumiy maydoni 2,6 ming kvadrat kilometr bo‘lgan kompleksda 24 ming bosh qoramollar mavjud bo‘lib, kunlik ishlab chiqarish hajmi 800 ming litr sut mahsulotini tashkil etadi. Kompaniya 3 ta qayta ishlash zavodlarida 268 turdagi 450 tonna sut mahsulotlarini chiqaradi.