Prezident Xorazm viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga bag‘ishlangan majlis o‘tkazdi

Xorazmda rejalashtirilayotgan tadbirlarga 1,1 milliard dollar va 10 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Sputnik
TOShKENT, 1 mar — Sputnik. Ayni damda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazmoqda.
Yig‘ilishda biznesni qo‘llab-quvvatlash, turizm, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy sohalarda rejalashtirilgan ishlar aytib o‘tildi.

Biznesni qo‘llab-quvvatlash

Xorazmda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli shartlarda 100 million dollar ajratilishi belgilandi. Buning hisobidan 5,5 ming tadbirkorga ko‘mak berilib, 50 mingta doimiy ish o‘rni yaratiladi.
Amudaryoda yangi ko‘prik qurilishi aholining 2 soat vaqtini tejaydi, temir yo‘lda yuk tashish xarajatlarini 1 ta vagon uchun 600 ming so‘mga arzonlashtiradi.
Xorazmda qiymati 10 milliard dollardan ziyod yirik gaz-kimyo majmuasi loyihasi dunyoning eng ilg‘or kompaniyalari bilan muhokama qilinmoqda.
Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasidan Xorazmga 100 million dollari ajratiladi.
Urganch tumani “Chakka-sholikor” qishlog‘ida yil yakuniga qadar elektrotexnika, to‘qimachilik va qurilish materiallari sohasida 100 million dollarlik loyihalarni ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish

Xorazm tadbirkorlari uchun import uskunalar, ehtiyot qism va xomashyo 5-yilga bojxona to‘lovidan ozod qilinadi, qo‘shilgan qiymat solig‘ini 180 kunga kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi.
Mahalliylashtirish loyihalariga olingan kredit foizining 10 foiz bandi qoplab beriladi, davlat mulki va yer uchastkalarini xususiylashtirishda 5-yil ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Sotilgan ko‘chmas mulk uchun to‘lov 3 oyda amalga oshirilganda 25 foiz chegirma beriladi.
Eksportchilarga boshqa viloyatdan xomashyo yetkazib berish uchun yo‘l xarajatlarini 50 foizi qoplab beriladi.
Hazorasp erkin iqtisodiy zonasida xitoylik investorlar bilan lak-bo‘yoq, shisha mahsuloti va elektrotexnika yo‘nalishida 300 million dollarlik 4 ta loyiha joylashtiriladi.
Urganch shahridagi “Al-Xorazmiy” majmuasida sanoat binolari qurilib, tadbirkorlarga “tayyor holda” topshiriladi.
10 million dollardan ko‘p eksport qilgan to‘qimachilik korxonalariga aylanma uchun 5 million dollargacha kredit beriladi.
Urganch shahridagi Maxsus tibbiyot industrial parkiga 50 million dollarlik 12 ta loyiha joylashtiriladi.
Xitoy tajribasi asosida “uy sanoati” rivojlantiriladi. Masalan, Bog‘ot, Yangiariq, Yangibozor, Qo‘shko‘pir va Urganch tumanlarida jun va pillani qayta ishlash salohiyati katta, Hazorasp, Xiva, Tuproqqal’a va Xonqada qo‘l mehnati asosida gilam to‘qish ommalashgan
Ushbu tumanlarda ipakchilik va gilamchilik kooperatsiyalari tashkil qilinib, kamida 10 mingta oila o‘qitiladi. Ularga 100 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi. Bu tarmoqqa viloyat bo‘yicha joriy yilda qo‘shimcha 100 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Turizmni rivojlantirish

Turizmni rivojlantirish bo‘yicha 3-yillik dastur qabul qilinadi. Dastur doirasida turizm jamg‘armasining tushumi 3-yil davomida Xorazmni o‘zida qoldiriladi.Mehmonxonalar qurish uchun 7-yilga 2-yil imtiyozli davr bilan 18 foiz stavkada kreditlar beriladi.
Urganch shahrida “Lazgi” va “Avesto” muzeylarini tashkil qilish taklif qilindi.
Xiva shahrida 24 soat ishlaydigan restoran, kafe va ovqat rastalarini ishga tushiriladi.
Urganchdan Termiz, vodiy viloyatlari, Samarqand, Buxoro hamda Sankt-Peterburg, Madrid, Frankfurt, Pekin va Urumchiga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi.
“Urganch-Xiva” trolleybus qatnovi oraliq vaqti 2 karra qisqaradi, Urganchdan Xiva va Xonqaga elektrobus qatnovi tashkil etiladi.

Qishloq xo‘jaligi

Viloyatdagi fermer vaklasterlarga 1 mingta texnikani lizing asosida yetkazib berish vazifasi qo‘yildi.
Har bir tumanda 40 tadan kichik sovutgichli ombor tashkil qilish boshlanadi. 10 ta kichik agrologistik markazi qurilib, tadbirkorlarga tayyor holda taklif qilinadi. Bunga 100 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Go‘sht ishlab chiqarish yo‘nalishida har biri 200 ming bosh parrandaga mo‘ljallangan 5 ta sanoatlashgan yirik parrandachilik korxonasi Bog‘ot, Gurlan, Hazorasp, Honqa, Shovotda ishga tushiriladi.
Xorazmda yirik kanallarni betonlashga qo‘shimcha 145 milliard so‘m ajratilgan. Ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashni vegetatsiya davrigacha yakunlash zarurligi qayd etildi.
“Toshsoqa kanalini tiklash” loyihasi 2-bosqichi doirasidagi ishlarni jadallashtirishga topshiriq berildi.
Ushbu loyiha natijasida 172 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanadi, yiliga 500 million kub metr suv, 50 million kilovatt elektr, 30 milliard so‘m saqlash xarajatlari tejaladi.
Tuproqqal’a, Shovot va Yangiariqda 1 ming gektarni yopiq sug‘orish tizimiga o‘tkazish bo‘yicha pilot loyiha boshlanadi.
Shu munosabat bilan Suv xo‘jaligi vazirligiga 50 ta nasos stansiyani xususiy sheriklikka berish topshirildi.

Aholi turmush tarzini yaxshilash

Xorazmda joriy yilda 119 ta ko‘p qavatli uy qurib, 3,5 mingta oilani yashash sharoitini yaxshilash rejalashtirilgan. “Yangi O‘zbekiston” massivlari tashkil etilib, 100 ta ko‘pqavatli uy qurilishi boshlanadi.
Mutasaddilarga Xiva shahri, Shovot va Hazoraspni urbanizatsiya bo‘yicha namunali hududga aylantirish choralarini ko‘rish topshirildi.
Yil yakunigacha Urganch va Xiva shaharlari hamda Gurlan vaTuproqqal’a tumanlarida oqova suv tarmog‘ini qurish loyihasi boshlanadi.

Infratuzilma loyihalari

Elektr tarmoqlari, podstansiya va transformatorlarni to‘liq yangilash bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi.
Bunda, 2024-yilda 1 ming kilometr tarmoq, 10 ta podstansiya va 500 ta transformatorni yangilash ko‘zda tutiladi.
Kelgusi ikki yilda viloyatda tuproq yo‘llar umuman qolmasligi kerakligi qayd etildi.
Yaroqsiz yo‘llarning yarmini shu yilni o‘zida ta’mirdan chiqarish, “Urganch-Shovot” yo‘lining 20 kilometrini saqlashga xususiy sektorni jalb qilish topshirildi.
Viloyatdagi233 kilometr yo‘llar “hajm” usulida ta’mirlanishi, Tuproqqal’a, Hazorasp, Xonqa va Urganch tumanidan o‘tgan “4R-156” avtomobil yo‘lining 84 kilometri sement beton qoplamaga o‘tkazilishi belgilandi.

Ijtimoiy soha

Xorazmda avtomobilsozlik, turizm, qishloq xo‘jaligi va baliqchilikda malakali kadrlarga talab o‘sib borayapti.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga Urganch shahar 2-son kasb-hunar maktabida “Pirson” dasturini joriy qilib, o‘quvchilarga “mehmonxona ishi” va “turizm” yo‘nalishida xalqaro malaka berishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Shuningdek, Urganch universitetida ta’lim yo‘nalishlari maqbullashtirilib, yangi o‘quv dasturlari joriy qilinadi.
Viloyatdagi poliklinika va shifoxonalar faoliyatini takomillashtiriladi. Hududdagi tug‘ruqxonalarni qon tozalash uskunasi bilan to‘liq ta’minlash, xorijiy mutaxassislar ishtirokida akusher-ginekolog, neonatolog, reanimatolog va doyalarni o‘qitish topshirildi.
Xonqadagi tibbiyot birlashmasini kompleks qayta qurish loyihasi ishlab chiqilib, 2025-yil davlat dasturiga kiritiladi.