TOShKENT, 29 fev — Sputnik. O‘zbekistonda biznes-muhit baholari yaxshilandi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yanvarda kompaniyalarning ishlab chiqarish va qurilish bo‘yicha kutilmalari o‘sdi. Shu bilan birga, biznesning joriy holati bo‘yicha baholar (xizmatlar yo‘nalishidan tashqari) barcha tarmoqlarda yanada ijobiy bo‘ldi.
“Yanvarda markazning umumiy biznes-muhit ko‘rsatkichi dekabrga solishtirganda 7 punktga oshib, 61ga yetdi, bu esa ishbilarmonlik faolligining yanada kengayganidan dalolat beradi. Biznes-muhitning yaxshilanishiga sanoat tarmog‘idagi birdaniga 30 punktga yuqorilagan ijobiy dinamika sezilarli ta’sir qildi. Ushbu o‘sish qurilishda 13 punktga, qishloq xo‘jaligida esa 9 punktga oshdi”, — deyiladi xabarda.
Biznesning hozirgi holatini "yaxshi" deb belgilagan respondentlarning ulushi 41 foizini tashkil etdi. Shuningdek, 35 foizi tovarlar va xizmatlarga talabning yanada oshishini kutmoqda, 17 foizi esa xodimlar sonini ko‘paytirishni rejalashtirmoqda.
“Biznesni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha kutilmalarning umumiy ko‘rsatkichi yaqin 3 oyda so‘nggi ikki yildagi rekord daraja – 81 punktga yetdi. Bu natijaga sanoatda optimizmning 92 punktga va qurilishda 81 punktgacha sezilarli darajada yaxshilanishi hisobiga erishildi”, — deya qayd etilgan xabarda.
So‘rov natijalariga ko‘ra, korxonalarning 79 foizi o‘z biznesining umumiy holati yaxshilanishini kutmoqda. Korxonalarning tovar va xizmatlarga bo‘lgan talab kutilmalari 74 foizni tashkil etdi. Ish beruvchilarning deyarli 72 foizi o‘z kompaniyalarida xodimlar sonini ko‘paytirishga tayyor.
Shuningdek, sanoat sektorida ishlovchi tadbirkorlar elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq to‘siqlar, tovarlarning yuqori narxlari haqida kamroq xabar berishgan. Ayni paytda moliya va soliq stavkalari bilan bog‘liq muammolar haqida esa ko‘proq ma’lum qila boshlashgan.
Qishloq xo‘jaligi sohasi vakillarini suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar ko‘proq tashvishga solgan. Ayni vaqtning o‘zida yer uchastkalarini olish imkoniyati, soliq ma’murchiligi, xomashyo narxining yuqoriligi va ularning yetarli emasligi hamda soliq stavkalarining balandligi kabi muammolarni qayd etgan tadbirkorlik subyektlari ulushi kamaydi.
Shu bilan birga, qurilish sektorida moliya mablag‘lari jalb qilish va yerdan foydalanish imkoniyatlari yaxshilanishi kuzatilgan bo‘lsa, xizmat ko‘rsatish sohasida bunday muammolar yanada ko‘paygan.