TOShKENT, 29 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston respublikasi Amudaryo tumaniga borib, yangi ko‘prikning ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident dastlab poyezdda va avtomobilda yurib, ko‘prik sifatini ko‘zdan kechirdi.
“Orolbo‘yi mintaqasini, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasini rivojlantirish, avvalo, ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatib, murakkab vaziyatda yashayotgan aholimizga qulay sharoitlar yaratish mamlakatimiz taraqqiyot strategiyasining bosh maqsadlaridan biridir. Ilgari ham aytganimdek, Qoraqalpog‘istonning taqdiri – bu O‘zbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun O‘zbekiston xalqining baxti va farovonligidir. Bugun mana shu ezgu maqsadni amalga oshirish yo‘lida yana bir ulkan qadam qo‘ymoqdamiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ko‘prik qurilgan joy eng chekka hududlardan biri. Shu paytgacha odamlar o‘tgan asrning elliginchi yillarida olib kelingan eski ponton ko‘prikdan foydalanib kelar edi. Har bahorda muz erib, daroda suv ko‘payishi bilan u jiddiy shikastlanardi. Bu daroning ikki tomonidagi aholiga juda ko‘p qiyinchiliklar tug‘dirardi.
“Masalan, Amudaryo tumani aholisi avtomobilda Nukusga borish uchun Urganch va Beruniy orqali yurishga majbur edi. Buning uchun qo‘shimcha 180 kilometr yo‘l yurishga to‘g‘ri kelardi. Poyezdda esa Xorazmning sharq tomonidagi Xazorasp ko‘prigidan o‘tib kelinardi”, –deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, yangi ko‘prik tufayli bu qiyinchiliklar barham topadi, xalqning uzog‘i yaqin bo‘ladi. U orqali Qoraqalpog‘iston bilan Xorazmni bog‘laydigan eng yaqin avtomobil va temir yo‘l qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Ko‘prikning uzunligi 423 metr. U bilan birga Shovot-Qorao‘zak bekatlarini bog‘laydigan 85 kilometrlik temir yo‘l hamda 3 ta vokzal ham barpo etildi.
Bu inshoot samarasida yo‘lning o‘tkazish qobiliyati 4 barobarga oshib, bir kecha-kunduzda 12 ming avtomobil harakatlanadi. Natijada 48 ming yo‘lovchining 2 soat vaqti tejaladi va darodan xavfsiz o‘tishi ta’minlanadi.
Ko‘prik ikki tarafga qarab 24 juft poyezdni o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu orqali temir yo‘l masofasi 180 kilometrga, yuk tashish tezligi esa 6 soatgacha qisqaradi. Bu esa mahalliy yuklarni tashish hajmini yiliga 2 barobarga oshirish, tashish tannarxini 2 barobarga kamaytirish imkonini beradi.
“Ushbu temir yo‘l orqali Qozog‘iston va Rossiyaga ham yangi yo‘nalishlar ochiladi”, – deyiladi xabarda.
Shuningdek, Qorao‘zak konlaridan tosh endi poyezdlarda tashilishi hisobiga Orobo‘yi mintaqasidagi 4 million aholi va turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi avtomobil yo‘llari sifatli saqlanadi. Bundan ham aholi, ham tadbirkor va turistlar katta manfaat topadi.
“Bu ko‘prik avvalo o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi mustahkam ishonch va do‘stlik, og‘zibirlik va hamkorlik ko‘prigidir. Bu yo‘l jahonga ochilayotgan Yangi O‘zbekiston, Yangi Qoraqalpog‘istonning taraqqiyot va farovonlik yo‘llaridir. Mana shu azim daroning ikki sohilida, shunday yorug‘ kunlarni orzu qilib yashab kelayotgan ming-minglab yurtdoshlarimizning umidlari ro‘yobga chiqqan tarixiy kun barchamizga muborak bo‘lsin, – dedi prezident.
Qayd etilishicha, bu yil Buxoro – Urganch – Xiva, kelgusi yildan Miskin – Nukus temir yo‘li elektrlashtiriladi. Natijada Xiva hamda Nukus shaharlariga tezurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Bu loyihalar hisobidan transport xarajatlari 2 barobar qisqarib, yo‘lovchi tashish 30 foizga oshadi.