Toshkentga investitsiya, ish o‘rinlari va eksport: maxsus sanoat zonasi haqida nimalar ma’lum?

Mirziyoyevga Toshkentda sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalari hamda infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan axborot berildi.
Sputnik
TOShKENT, 28 fev — Sputnik. Toshkentda “Gastronomik turizm” va “hunarmandlar” ko‘chalarini tashkil etiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyevga Toshkentda sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalari hamda infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha hujjatlar loyihalari yuzasidan axborot berildi.
Qayd etilishicha, poytaxtda aksiyadorlik jamiyati shaklida “Toshkent invest kompaniyasi” tashkil etilgan. Kompaniya bo‘sh yer uchastkalari negizida investitsiya loyihalari va davlat-xususiy sheriklik, shu jumladan renovatsiya loyihalarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.
Shu munosabat bilan davlat-xususiy sheriklik shartlarida loyihalarni amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi, poytaxtda renovatsiya loyihalarini amalga oshirish tartibi, “hayotiy davr shartnomasi” asosida hamkorlik qilish tartibi tasdiqlanmoqda.
Taqdimotda Yangihayot tumanining sanoat salohiyatini oshirish va yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilishi rejalashtirilgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi to‘g‘risida axborot berildi.
“664,5 gektar maydonni egallaydigan sanoat zonasi hududida yaqin yillarda 1,5 mlrd dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini o‘zlashtirish, 2,5 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratish, yiliga 1 trillion so‘mdan ortiq sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va 5 million dollar miqdorida eksport amalga oshirish rejalashtirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Aytilishicha,Toshkentning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida tegishli chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish rejalashtirilgan. Dasturda “Gastronomik turizm” va “hunarmandlar” ko‘chalarini tashkil etish, zamonaviy savdo-servis obyektlari va mehmonxonalar qurish, kanallar bo‘yida yashil va dam olish hududlarini barpo etish ko‘zda tutilgan.
“Bu boradagi ishlarni mahalla darajasida tashkil etish, bunda mahallalarning o‘sish nuqtalarini aniqlab, muayan faoliyat turiga ixtisoslashtirish va hududlarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha “Andijon tajribasi”dan keng foydalanish zarurligi qayd etildi”, — deya qayd etilgan xabarda.