Qatarda O‘zbekistonning boy hunarmandchilik an’analari namoyish etilmoqda — foto

Doha dizayn biyennalesida “Hunarmand O‘zbekiston: tolalardagi an’ana” ko‘rgazmasi ochildi.
Sputnik
TOShKENT, 25 fev — Sputnik. Qatar poytaxtida “Hunarmand O‘zbekiston: tolalardagi an’ana” ko‘rgazma loyihasi ish boshladi. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabar berdi.
Jamg‘arma Doha dizayn biyennalesida “Hunarmand O‘zbekiston: tolalardagi an’ana” ko‘rgazma loyihasini taqdim etdi.
Qatarda O‘zbekistonning boy hunarmandchilik an’analari namoyish etilmoqda
Qayd etilishicha, ko‘rgazma qo‘l mehnatining 49 ta namunasidan iborat bo‘lib, ularning markazini livanlik dizayner Nada Debs va o‘zbekistonlik usta Sirojiddin Rahmatullayev hamkorligida yaratilgan asar tashkil etadi. Ular birgalikda tashrif buyuruvchilarga an’anaviy ayvon so‘risining zamonaviy talqinini taqdim etishmoqda.
Qatarda O‘zbekistonning boy hunarmandchilik an’analari namoyish etilmoqda
"Nada va Sirojiddinning mushtarak ishlari milliy ustachilikning zamonaviy dizayn bilan uyg‘unligi natijasi bo‘lib, O‘zbekiston san’atidagi keyingi rivojlanishni namoyish etadi", — deyiladi xabarda.
O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tadbirda ham mahalliy, ham mintaqaviy, ham global miqyosda dizayn sohasiga oid ilg‘or tajribalar almashinuvi bo‘lib o‘tadi.
Saida Mirziyoyeva

"Crafting Uzbekistan: Tradition in Threads” ko‘rgazmasida O‘zbekistonning boy hunarmandchilik an’analari bilan zamonaviy ijod uyg‘unligini namoyish etmoqdamiz. Ko‘p asrlik tarixga ega hunarmandchiligimizning bebaho merosi bizni an’ana va madaniyatimizni asrab-avaylashga undaydi", — deb yozadi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida.

Qatarda O‘zbekistonning boy hunarmandchilik an’analari namoyish etilmoqda
Doxa dizayn biyennalesining “Mintaqaviy dizayn afzalligi tantanasi” nomli ustuvor mavzusini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Jamg‘arma Bahraynning “Shepherd” studiyasi bilan hamkorlikda o‘zbek san’atining an’anaviy turlari va rang-barangligiga murojaat etuvchi “optik sath” g‘oyasini ishlab chiqdi.
Qatarda O‘zbekistonning boy hunarmandchilik an’analari namoyish etilmoqda
Ko‘rgazma 30-martgacha davom etadi.