BAA O‘zbekistondagi IT korxonalarning o‘sishiga yordam beradi — tafsilotlar

Dubay xalqaro moliya markaziga a’zo kompaniyalar biznes yuritish uchun O‘zbekistonda vakolatxonalar ochishi kutilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 19 fev — Sputnik. O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchilari hamkorlikni kengaytirishga kelishib olishdi, deb yozmoqda “Dunyo” AA.
O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiyasi ishtirokida Dubay xalqaro moliya markazida (DIFC) "Uzbekistan Outsourcing Conference" mavzusida uchrashuv tashkil etildi.
Unda ikki davlat o‘rtasida IT-sohani rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
“Raqamli texnologiyalar vazirligi va "Achar Apps ventures" kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekistonda AKT sohasida kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha akademiya va markazlar tashkil etish, mahalliy AKT korxonalari iqtisodiy o‘sishiga investitsiyaviy ko‘maklashish yo‘nalishlarida anglashuv memorandumi imzoladi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, "IT-Park Uzbekistan" direktori Farhod Ibragimov dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchi BAA korxonalarini 2024-yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan xalqaro tadbirlarga taklif qildi.
O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, Dubay xalqaro moliya markazi bosh direktori (DIFC) Arif Amiri va “DIFC” innovatsion markazi direktori Muhammad Alblushi bilan uchravshuv bo‘lib o‘tdi.
Unda “Enterprise Uzbekistan” xalqaro raqamli texnologiyalar markazini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.

“Enterprise Uzbekistan" markazi texnologik kompaniyalar uchun noyob muhitni, jumladan, innovatsion loyihalar uchun “tartibga solish qumdoni”, intellektual mulk, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, shuningdek, keng qamrovli davlat va bank xizmatlarini taklif etishi mumkin. Markaz mehnat, bojxona va soliq qonunchiligi masalalarida, shuningdek, tijorat va fuqarolik nizolarini hal qilishda muhim yordam ko‘rsatib, raqamli texnologiyalar va autsorsingni rivojlantirish uchun qulay muhit yaratadi”, — deyiladi xabarda.

Uchrashuv yakunida "IT-Park" va “DIFC” o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tajriba almashish, shuningdek, “DIFC”ga a’zo kompaniyalarni respublika orqali global biznes yuritish uchun O‘zbekistonda vakolatxonalar ochishga taklif qilish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, “DIFC” Yaqin Sharq, Afrika va Janubiy Osiyo (MEASA) mintaqasidagi yetakchi global moliyaviy markaz hisoblanadi. Tashkilot MEASA mintaqasida savdo va investitsiya oqimini rivojlantirish bo‘yicha qariyb 20-yillik tajribaga ega.