TOShKENT, 16 fev — Sputnik. Qozog‘istonning Oqmo‘la viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari 2024-yil 15-fevral kuni Oqmo‘la viloyati, Jaqsi tumani, Jaqsi qishlog‘i yaqinida avtomobil yo‘lida og‘ir ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolariga yordam ko‘rsatdi.
Ostona-Chelyabinsk yo‘nalishida harakatlanayotgan texnik nosoz avtobusdan jami 64 kishi evakuatsiya qilindi. Ular yaqin qishloqdagi maktabdagi isitish markaziga joylashtirildi, issiq ovqat bilan ta’minlandi, tibbiy yordam kerak bo‘lmadi.
Qutqarilganlar orasida 27 nafar O‘zbekiston fuqarolari bor, jumladan, 12 nafar bola ham.
O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi ushbu vaziyatni nazorat ostiga olgan. Elchixona Oqmo‘la viloyati hokimligi, politsiya va FV boshqarmasi bilan aloqada.
Ob-havo sharoitining yomonlashuvi munosabati bilan Qozog‘istonning 11 viloyatida respublika ahamiyatiga molik yo‘llarning 46 ta yo‘l uchastkasida transport harakatiga cheklovi kiritilgan. Bundan tashqari, havo haroratining -33...-35 darajagacha pasayishi kutilmoqda.
Ushbu munosabat bilan elchixona O‘zbekiston fuqarolaridan murakkab ob-havo sharoitida uzoq sayohatga chiqmaslikni so‘rab qolgan.