TOShKENT, 16 fev — Sputnik. Kecha, 15-fevral kuni O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev va Qatarning O‘zbekistondagi elchisi Hasan Hamza Asad Muhammad Hoshim o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar Afg‘oniston bo‘yicha O‘zbekiston-Qatar hamkorligining bugungi holatini muhokama qildilar. Bu yo‘nalishda muntazam muloqotni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdorlik ta’kidlandi.
Suhbat chog‘ida joriy yilning fevral oyida Qatar poytaxti Doha shahrida BMT bosh kotibi Antonio Guterrish raisligida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillarning uchrashuviga alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu tadbir jahon hamjamiyatining Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha samarali yechimlarni taklif etish va harakatlarini muvofiqlashtirish, afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.