TOShKENT, 15 fev — Sputnik. O‘zbekistonda suvli-botqoqli yerlarni muhofaza qilish bo‘yicha Milliy strategiya ishlab chiqiladi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan CMS COP14 xalqaro konferensiyasi doirasida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Suvli-botqoqli hududlar to‘g‘risidagi “Ramsar” konvensiyasi bosh kotibi Musonda Mumba bilan uchrashdi.
Vazir o‘z so‘zida Jiltirbas ko‘li xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoqli yerlar ro‘yxatiga kiritilgani uchun tashakkur bildirdi.
“Jiltirbas ko‘lining xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoqli hududlar ro‘yxatiga kiritilishi biz uchun ushbu hududda tabiatni muhofaza qilish choralarini yanada kuchaytirish uchun qonuniy asos bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, bu yerda ekoturizmni rivojlanish uchun imkoniyat yaratadi”, — dedi Aziz Abduhakimov.
Uchrashuvda, shuningdek, GIZ tashkiloti bilan hamkorlikda Sudochye ko‘li hududini boshqarish, suvli-botqoqli yerlarni muhofaza qilish bo‘yicha Milliy strategiya ishlab chiqish rejalashtirilayotganligi qayd etildi.
Aytilishicha, bu strategiya “Ramsar” obyektlarini qamrab oladi va suvli-botqoqli yerlar hamda suv havzalarini muhofaza qilishni kuchaytiradi.
Uchrashuv davomida Musonda Mumba ekologiya sohasidagi fidoiy xizmatlari uchun "Tabiat himoyachisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Vstrecha ministra ekologii Aziza Abduxakimova s generalnim sekretarem Ramsarskoy konvensii o vodno-bolotnix ugodyax Musondoy Mumboy.
Quyidagilarga kelishib olindi:
Atrof-muhit va suvli-botqoqli yerlarni asrashga qaratilgan amaliy ishlar va tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish
O‘zbekistonda, shuningdek, mintaqaviy miqyosda — Markaziy Osiyoda “Ramsar” obyektlari tarmog‘ini rivojlantirish va suv qushlari turlarini transchegaraviy saqlash
“Ramsar” obyektlarida turizm imkoniyatlarini o‘rganish, jamoatchilik va yoshlarni jalb qilish borasida hamkorlikni kuchaytirish.
Ma’lumot uchun, Suv-botqoq yerlar to‘g‘risidagi konvensiya (Ramsar konvensiyasi) 1971 yil fevralda Eronning Ramsar shahrida imzolangan. Hujjatning asosiy maqsadi botqoqlar, ko‘llar, darolar, sayoz dengizlar va suv o‘simliklar va hayvonlarning yashash sharoitlarini belgilovchi asosiy omil bo‘lgan boshqa tabiiy obyektlarni asrab-avaylash va ulardan oqilona foydalanish hisoblanadi.
Bugungi kunga qadar Ramsar konvensiyasiga 172 davlat, jumladan, O‘zbekiston 2001 yilda qo‘shilgan. Konvensiyaning alohida muhofazasi ostidagi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq yerlar ro‘yxati (Ramsar obyektlari) umumiy maydoni 257,2 million gektar bo‘lgan 2503 suv-botqoq komplekslarini o‘z ichiga oladi.