TOShKENT, 11 fev — Sputnik. Perudagi kattalar o‘rtasidagi Jahon Kubogida o‘zbekistonlik qilichboz ilk medalni qo‘lga kiritdi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Zaynab Dayibekova Peruda o‘tkazilayotgan Jahon kubogida bronza medalini qo‘lga kiritdi.
U saralashdan muvaffaqiyatli o‘tdi va pley-offda ham ishonchli harakat qildi. Dayibekova musobaqa davomida Bolgariya, Italiya, Hindiston, Yaponiya vakillarini mag‘lubiyatga uchratdi. Yarim finalda esa ikki karra jahon chempioni vengiralik Shugar Battaiga imkoniyatni boy berib, musobaqani bronza medali bilan yakunladi.
Qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Zaynab Dayibekova
© NOK
"Bu kattalar o‘rtasidagi Jahon Kubogi bahslarida o‘zbekistonlik qilichbozlarning qo‘lga kiritgan ilk medali bo‘ldi", — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Zaynab Dayibekova o‘zbek qilichbozligida yana bir yangi sahifa ochdi.