“Qatar Airways” O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yadi

Yo‘lovchi reyslari haftasiga to‘rt marta amalga oshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 9 fev — Sputnik. "Qatar Airways" Doha — Toshkent — Doha yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda “Uzbekistan airports” "Qatar Airways"ga asoslanib xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, birinchi parvoz joriy yil 2-iyunga belgilangan. Yo‘lovchi reyslari haftasiga to‘rt marta — dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiriladi.
“Biz uchun bu darajadagi yirik aviakompaniyaning Toshkent aeroportiga parvoz qilishi juda muhim. Biz har yili nafaqat reyslar geografiyasini kengaytirish, balki xorijiy aviatashuvchilar sonini ko‘paytirish, bozorda sog‘lom raqobatni rivojlantirish va shu bilan birga, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash ustida ish olib boramiz”, — deya ta’kidlaydi “Uzbekistan airports”.
"Qatar Airways" bosh qarorgohi Dohada joylashgan Qatar milliy aviakompaniyasi hisoblanadi. Aviakompaniya dunyo bo‘ylab 170 dan ortiq yo‘nalishlarga parvoz qiladi. "Qatar Airways" ko‘plab nufuzli mukofotlarni qo‘lga kiritgan va "Skytrax" tomonidan yetti marta "Dunyoning eng yaxshi aviakompaniyasi" deb topilgan.
Qatar O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qildi