O‘zbekistonning Kuvaytdagi yangi elchisi tayinlandi — u haqida nimalar ma’lum?

Yangi elchi arab, rus va ingliz tillarini mukammal biladi.
Sputnik
TOShKENT, 6 fev — Sputnik. O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Ayubxon Yunusov Kuvayt poytaxtiga tashrif buyurdi, deb xabar berdi "Dunyo" AA.
Kuvaytga tayinlanishidan oldin u TIVning Konsullik-huquqiy departamenti boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi. Ayubxon Yunusov 2016-2022 yillarda mamlakatning Kuvaytdagi elchisi bo‘lib ishlagan Bahromjon A’loyev o‘rniga tayinlandi.
Ayubxon Yunusov
50 yoshli diplomat Imom al-Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, "Al-Azhar" universiteti (Misr), Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Xalqaro huquq, islomshunoslik, arab filologiyasi singari mutaxassisliklarga ega. Yuridik fanlar nomzodi.
2003 yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tuzilmasida turli lavozimlarda, jumladan, markaziy apparatda, Saudiya Arabistonidagi elchixonada, Jidda shahri va Dubay Emiratidagi (BAA) Bosh konsulliklarda ishlagan.
Arab, rus va ingliz tillarini mukammal biladi.