O‘zbekistonda bukmekerlik qonuniylashtirilishi mumkin

Avvalroq mamlakat rahbari mutasaddilarga mamlakatda bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishni topshirgan edi.
Sputnik
TOShKENT, 6 fev — Sputnik. O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda, yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vacheslav Pak agentlikning 2023-yildagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

“Qimor va bukmekerlikni qonuniylashtirish yoki qonuniylashtirmaslik jamiyatda juda munozarali masala. Hozir pozitsiyani rivojlantirish masalasi turibdi. Bu qachon qonuniylashtirilishini aytish qiyin. Muayan sanalarni bashorat qilishga hali erta. Masala o‘rganilmoqda va kiritilishi kerak bo‘lgan takliflarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra qaror qabul qilinadi”, — dedi Pak.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2023-yil 7-apreldagi “Ommaviy va professional futbolni kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tegishli vazirliklardan iborat maxsus ishchi guruh tuzib, Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish topshirildi. Ular “ilg‘or xorijiy tajriba asosida futbolni moliyalashtirish tizimini kengaytirish bo‘yicha bukmekerlik faoliyatini” amalga oshirish bilan bog‘liq.
O‘zbekistonda bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi 27 ta sayt bloklandi
Mirziyoyev 2019-yil dekabr oyida 2021-yildan boshlab respublikada bukmekerlik shoxobchalarini ochishga ruxsat beruvchi farmonni imzolagan edi. Ularning qonuniylashtirilishi sportni, ayniqsa, futbolni rivojlantirish, shuningdek, uning sarmoyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi kerak edi.
Litsenziyalar berish uchun Kapital bozorini rivojlantirish agentligi javobgar bo‘lishi rejalashtirilgan edi, ammo bu organ tugatildi va tegishli tartibga solish mexanizmlari ishlab chiqilmadi. Bundan tashqari, 2022-yil aprel oyida O‘zbekiston prezidenti ushbu faoliyatni qonuniylashtirish haqidagi avvalgi qarorini bekor qildi.