TOShKENT, 5 fev — Sputnik. Endi maktablarda yuqori sinf o‘quvchilariga ikkinchi xorijiy til o‘rgatiladi. Bu haqda prezident tomonidan qabul qilingan tegishli qarorda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidan bosqichma-bosqich tajriba-sinov tariqasida maktablarning 10–11-sinflarida “Fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish” hamda “Biznes va kasb-hunarga o‘qitish” yo‘nalishlari bo‘yicha ham ta’lim dasturlari joriy etiladi.
“Fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish yo‘nalishi doirasida o‘quv jarayonini tashkil etishda asosiy e’tibor aniq, tabiiy yoki xorijiy til fanlariga qaratililsa, Biznes va kasb-hunarga o‘qitish yo‘nalishi doirasida esa o‘quvchilar ishchi yoki raqamli texnologiyalarga oid kasblarga o‘qitiladi”, —deyiladi hujjat matnida.
2024/2025 o‘quv yilidan bosqichma-bosqich maktablarda xorijiy tillarni o‘qitishning quyidagi tartibi joriy etiladi:
5–9-sinflarda o‘quvchilarda bazaviy bilim va nutqiy ko‘nikmalar shakllantiriladi;
10–11-sinflarda asosiy e’tibor o‘quvchilarning akademik yozuv va so‘zlashish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratiladi;
“Fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish” yo‘nalishi doirasida xorijiy til fanini tanlagan o‘quvchilar 10–11-sinflarda ikkinchi xorijiy tilga o‘qitiladi.
Shuningdek, 2024/2025 o‘quv yilidan xorijiy tillar yo‘nalishlari bo‘yicha pedagoglarni tayyorlaydigan davlat OTM talabalarining maktablarda pedagogik amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
“Biznes va kasb-hunarga o‘qitish” yo‘nalishi doirasida maktablarda ustaxonalar tashkil etiladi. Oylik ish haqi oliy ma’lumotli umumta’lim maktabi o‘qituvchisiga tenglashtirilgan “Kasbiy ta’lim ustasi” lavozimi joriy qilinadi.
Qarorga ko‘ra, maktablarning bo‘sh binolarini “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi ishtirokchilariga amaliy monomarkazni tashkil qilish va keyinchalik o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida tekin foydalanishga berishga ruxsat etiladi.