TOShKENT, 5 fev — Sputnik. Bu yil maktablar va maktab ta’limiga 46 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti raisligida o‘tayotgan ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deb yozmoqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Qayd etilishicha, matematika, o‘qish va tabiiy fanlar bo‘yicha o‘tkazilgan 2022-yilgi PISA xalqaro dasturi natijalari sohada qilinadigan ishlar hali ko‘pligini aniq ko‘rsatdi. Yoki, 500 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy qilinib, haqiqiy bilim qay darajada ekani aniqlandi.
Hozirda 1-11-sinflarda xorijiy tilga ajratilgan 984 soat doirasida o‘quvchilarni yarmi ham “B1” darajaga ega bo‘la olmayapti. Shuningdek, ayrim hududlardagi malaka oshirish markazlarining faoliyati ko‘rinmayapti.
“Joriy yilda maktablar va maktab ta’limiga 46 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratish rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.
Bunda, tan olingan xorijiy dasturlar (A-level, IB kabi), o‘quvchi va muallimlar bilimini baholashda xalqaro tajribalar (PISA, TIMSS, PIRLS) bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Aytilishicha, bu yilda prezident maktablari ta’lim dasturi yana 1 mingta maktabda boshlanadi. Hokimlar ularni moddiy-texnik bazasini yaxshilashga mas’ul bo‘ladi.
Yig‘ilishda har yili bog‘cha tarbiyachilarining o‘rtacha bor-yo‘g‘i 9 foizi malaka oshirayotganiga e’tiroz bildirildi. Bundan tashqari, 12 mingta oilaviy bog‘chada davlat ta’lim standartidagi o‘quv-metodik materiallar yetarli emas.
“Maktabgacha ta’lim agentligiga bog‘cha mudiraligiga nomzodlarni saralash, ularni lavozimga tayinlash tizimini ishlab chiqish, barcha bog‘chalarda ovqat, davomat, badal puli kabi barcha jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish, 250 ta davlat bog‘chasida ta’lim va tarbiya sifatini xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy qilish topshirildi”, — deb yozmoqda Asadov.
Ta’kidlanishicha, maktabgacha ta’limda qamrov 74 foizga yetdi. 2016-yilda bu ko‘rsatkich 27 foiz bo‘lgan. Bu yil davlat bog‘chalari quvvati yana 10 ming o‘ringa, xususiy bog‘chalarda 50 ming o‘ringa oshiriladi.
Lekin ba’zi chekka qishloqlarda bog‘cha hali yo‘qligi sababli hamma bolalar ham maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan, ayrim tumanlarda bog‘cha yetarli bo‘lishiga qaramay, qamrovi o‘tgan yilga nisbatan biroz kamaygan.
Xususiy bog‘chalarda bolalar hisobini yuritish raqamlashtirilmoqda, lekin davlat bog‘chalarida bu jarayon hali boshlanmagan. Shu munosabat bilan Maktabgacha ta’lim agentligiga bog‘chalarda budjet mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha tizim yaratish topshirildi.
"Maktablarda o‘rgatish mumkin bo‘lgan 50 ta kasb-hunar ro‘yxati tuzilib, har biri bo‘yicha o‘quv va amaliyot dasturlari ishlab chiqiladi. Buning uchun maktablarda ustaxonalar tashkil etiladi va “Kasbiy ta’lim ustasi” lavozimi joriy etiladi. Tadbirkorlar, usta va mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘quvchilarning qiziqishidan kelib chiqib kasbiy ta’limga yo‘naltirilgan mashg‘ulotlar o‘tkaziladi, kasb to‘garaklari tashkil etiladi", — deyiladi xabarda.
Maktabdagi bo‘sh joylar tadbirkorlarga o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish uchun tekin foydalanishga beriladi. Ularga soliq va boshqa bir qator imtiyozlar beriladi. O‘quv kursini tamomlab, imtihondan o‘tgan o‘quvchilarga malaka sertifikati beriladi.
“Maqsadimiz - maktab bitiruvchisi hech bo‘lmaganda bitta kasbni egallab katta hayotga qadam qo‘ysin”, — dedi prezident.