TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Suvchechak asosan bolalik davrida uchraydigan yuqumli kasallik bo‘lib, u odatda yengil shaklda o‘tadi. Ammo kattalar ushbu xastalikka chalinganda ularda turli og‘ir asoratlar kuzatiladi, deb yozmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Ayrim hollarda bemorni shoshilinch tarzda shifoxonaga gospitalizatsiya qilish zarurati ham tug‘ilishi mumkin. Xo‘sh, suvchechakning yoshi katta bemorlarda og‘irroq kechishining sababi nimada?
Ushbu savolga Toshkent shahar 1-son yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi bosh shifokori Gulnoza Qurbonova javob berdi.
“Darhaqiqat, qo‘zg‘atuvchisi Varicella-zoster virusi bo‘lgan ushbu kasallik havo-tomchi yo‘li bilan yuqib, asosan bolalarda uchraydi. Kasallikning inkubatsion davri 1 haftadan 3 haftagacha davom etishi mumkin”, — deydi mutaxassis.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kasallik alomatlari darrov namoyon bo‘lmaydi. Dastlab, bemorda isitma, holsizlik, badan qaqshashi, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi kabi umumiy simptomlar kuzatiladi. Keyin esa butun tana bo‘ylab qizil va pushti donachalar paydo bo‘lib, ular suyuqlik bilan to‘lgan pufakchalarga aylanadi. So‘ng pufakchalar qattiqlashib, yuzaki qobiq shakllanadi.
Tanadagi toshmalar bolalarda 5-7 kun, kattalarda esa 14 kungacha saqlanishi mumkin. Bemorga suvchechak tashxisi qo‘yilgach, uni zudlik bilan izolyatsiya qilish kerak.
Ta’kidlanishicha, yoshi katta bemorlarda kasallikning og‘ir kechishiga asosiy sabab immun tizimidagi farqdir. Bolalarda immunitet hali to‘liq shakllanmagan bo‘ladi va organizm turli yuqumli xastaliklarga qarshi samaraliroq kurashadi.
Yosh o‘tgan sari immunitetning pasayib borishi hamda antitanachalarning kamayishi tufayli esa organizm o‘zi uchun noma’lum bo‘lgan yangi viruslarga qarshi kurashishga qiynaladi. Xastalik alomatlari katta yoshdagi bemorlarda kuchliroq namoyon bo‘lib, pnevmoniya, miya yallig‘lanishi kabi jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Turli surunkali kasalliklar, stress, nosog‘lom turmush tarzi kabi omillar ham xastalik rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Bunda, ayniqsa, homiladorlar, keksalar, immun tizimi zaiflashgan insonlar asosiy xavf guruhiga kiradi.
Odatda suvchechak bilan bir marta kasallangan insonda unga qarshi immunitet shakllanadi. Shunga qaramasdan, profilaktika tariqasida, birinchi navbatda, ushbu virusdan emlanish, gigiyena qoidalariga rioya qilish lozim.