Bishkek issiqlik markazida yirik avariya sodir bo‘ldi

Favqulodda hodisa oqibatida 5 kishi jarohatlangan, 2,5 mingga yaqin uylar issiqlik ta’minotisiz qolgan.
Sputnik
TOShKENT, 2 fev — Sputnik. O‘tgan tunda Bishkek issiqlik markazida yirik avariya sodir bo‘ldi, deb xabar qilmoqda Sputnik Qirg‘iziston.
Soat 03:06 da qozonlardan biri portlagan va yong‘in chiqqan. Voqea joyiga o‘t o‘chirish brigadalari chaqirilgan. Yong‘in soat 5:05da o‘chirildi, deb xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Avariya tufayli Bishkekdagi 2493 ta ko‘p qavatli uy issiqlik va issiq suvsiz qoldi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi voqeaning ikkita versiyasini ko‘rib chiqmoqda, ulardan biri diversiya.
Hodisa oqibatida 5 kishi jabrlangan, ulardan ikki nafari ambulator davolanishga yuborilgan. kuyish jarohati olgan yana ikki nafari og‘ir ahvolda reanimatsiyada. Bir kishi kuyish bo‘limida, ahvoli o‘rtacha og‘ir.
BIshkekda barcha maktablar dushanba kuniga qadar onlayn ta’limga o‘tmoqda, bugun bolalar bog‘chalari ham yopilgan.
Hodisa sabablari o‘rganilmoqda. Prezident Sadir Japarov Bishkek issiqlik elektr stansiyasidagi vaziyatni shaxsiy nazoratiga oldi. U voqea joyiga tashrif buyurdi va hamma narsani imkon qadar tezroq tiklashni topshirdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Boobek Ajikeev avvalroq Bishkekda issiqlik ta’minoti 5-7 kun ichida to‘liq tiklanishi haqida xabar bergan edi.
Keyinroq Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Baxit To‘roboyev kechgacha poytaxtda issiqlik ta’minoti boshlanishiga umid qilishini aytdi.