TOShKENT, 2 fev — Sputnik. Bugun, 2-fevral kuni, O‘zbekiston Hukumati delegatsiyasi Yevroosiyo hukumatlararo kengashi va raqamli forumda ishtirok etish uchun Qozog‘istonning Olmaota shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda Hukumat portali xabar berdi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Qozog‘iston bosh vaziri Alixan Smailov raisligida ikki mamlakat hukumatlari delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik hamda o‘zaro hurmat ruhida jadal rivojlanayotgani, davlat rahbarlari ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab bergani ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida barcha sohada ijobiy o‘sish dinamikasi kuzatilmoqda. Xususan, o‘tgan 7-yilda tovar ayirboshlash hajmi 2 barobardan ziyod oshdi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida muhim qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Transport hamda energetika sohasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Mintaqalararo hamda madaniy-gumanitar hamkorlik yanada kengaymoqda.
Uchrashuvda kun tartibidagi ushbu va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.