O‘zbekiston Jinoyat kodeksi – “Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzish” va “Mayning faoliyatini noqonuniy amalga oshirish” moddalari, shuningdek, "kripto-aktiv" va “mayning” atamalari bilan to‘ldirildi. Shunga o‘xshash moddalar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham qo‘shildi.
Bundan tashqari, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarda dastlabki tergov va surishtiruvni amalga oshiradigan organ ko‘rsatilgan.
Prezident tomonidan 19-yanvarda imzolangan tegishli qonun 2024-yil 19-apreldan kuchga kiradi.
“Mazkur qonun loyihasi tashabbuskorlari O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va O‘zbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) bilan birgalikda ishlab chiqildi. O‘zbekistonda kripto-aktivlar aylanmasini tartibga soluvchi qonunchilikka kiritilgan ushbu o‘zgartirishlardan maqsad nafaqat yangi turdagi jinoyatlarning oldini olish, balki yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga hissa qo‘shishdir”, — deb tushuntirdi ILMA kripto-aktivlari aylanmasi sohasini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Asqarjon Zokirov Sputnik muxbiriga.
Uning eslatishicha, 2023-yil sentabr oyida ham qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan. Unda litsenziya yoki ruxsatnomasiz faoliyat olib borilgani uchun jarima belgilangan. Ya’ni, xizmat ko‘rsatuvchi provayder litsenziyasi bo‘lmagan faoliyat uchun huquqbuzar BHMning 300 baravarini(102 million so‘m), ruxsatnomasiz mayning uchun esa BHMning 150 baravarini (51 million so‘m) to‘lashi kerak. Biroq, qoidabuzarlar jarima bilan cheklanib qolmaydi.
Sputnik O‘zbekiston muxbiri bilan suhbatda ma’lum qilinishicha, ushbu qo‘shimcha va o‘zgartirishlar O‘zbekistonda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun shaxslarning javobgarligini aniq belgilab beradi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, kripto-aktivlarni noqonuniy qo‘lga kiritish, sotish yoki ayirboshlash, xizmat ko‘rsatuvchi provayderlarning litsenziyasiz faoliyati 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish yoki kripto-aktivlarni va bu huquqbuzarliklarni sodir etish vositalarini musodara qilish bilan BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari tomonidan anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish mansabdor shaxslarga BHMning 30 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima belgilangan.
Mayning faoliyatini belgilangan tartibni buzgan holda amalga oshirish, mazkur huquqbuzarlikni sodir etish qurollarini musodara qilingan holda 5 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga yoki BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Anonim kripto-aktivlar mayningi bilan shug‘ullanish, kripto-aktivlarni hamda huquqbuzarlik sodir etish qurollarini musodara qilingan holda mansabdor shaxslarga BHMning 30 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, ushbu moddada ahamiyatli va katta miqyosda sodir etilgan jinoyat uchun jazo nazarda tutilgan.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, jinoyatlar takror sodir etilgan bo‘lsa, katta miqdorda jarima yoki axloq tuzatish ishlaridan tortib, cheklov hamda ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazo bilan jazolanadi.
Masalan, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunni takroran buzganlik uchun BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha miqdorida jarima yoki 3-yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan.
Xuddi shunday harakatlar, masalan, lavozimidan foydalangan holda yoki uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Bundan tashqari, ikkala moddada ham jinoyat tayyorlanayotgan yoki sodir etilayoiganligi haqida ixtiyoriy ravishda xabar bergan va uning fosh etilishiga faol hissa qo‘shgan shaxs javobgarlikka tortilmasligi belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston kripto-aktivlar aylanmasi sohasida ko‘rayotgan tartibga solish choralari mamlakatga “sezilarli muvofiqlik” reytingini olish imkonini berdi. Bu jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhiga (EAG) a’zo davlatlar tomonidan jinoiy daromadlar aylanmasiga, terrorizmni va ommaviy qirg‘in qurollarni tarqatishni (FATF tavsiyalariga binoan) moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiqligini o‘zaro baholash natijasidir. Dunyoda atigi 23 ta davlat bunday reytingga ega bo‘lgan, ulardan biri O‘zbekiston, deya aniqlik kiritdi ILMA.
Agentlik, shuningdek, 2023-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslari kripto-aktivlarni faqat milliy provayderlar orqali sotib olishi, sotishi va ayirboshlashi mumkinligini eslatib o‘tdi. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasida kripto-aktivlar aylanmasi sohasida 14 ta xizmat ko‘rsatuvchi provayder – 2 kripto-birja, 2 kripto-depozitariy va 10 kripto-do‘kon litsenziyaga ega.