TOShKENT, 31 yanv — Sputnik. Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash uchun 10 ga yaqin chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ma’lum qildi.
Oliy Majlisda parlament eshituvi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkentda atmosfera havosi ifloslanishining sabablari, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida axborot berildi.
Vazir ekologik vaziyatni yaxshilash borasida bir qator kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligini qayd etdi.
Chora-tadbirlar:
“Yevro-4” standartidan (AI-80 rusumli benzin) past ekologik toifadagi motor yoqilg‘idan foydalanishni taqiqlash;
Tirbandlikni kamaytirish va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida Toshkentda kunning tig‘iz vaqtlarida (ertalabki soat 07:00 dan 10:00 ga qadar va 17:00 dan 20:00 ga qadar) yuk tashish uchun mo‘ljallangan, vazni 3,5 va 12 tonnadan ortiq transport vositalarining harakatini cheklash;
Shaharning diqqatga sazovor markaziy ko‘chalarida avtotransport vositalaridan xoli hududlarni tashkil etish;
Jamoat transportini to‘liq elektr va gaz yoqilg‘isiga o‘tkazish, shuningdek, yo‘l infratuzilmasini tashkil etish;
Barcha turdagi qurilish obyektlarini (ijtimoiy va davlat ahamiyatiga oid obyektlar bundan mustasno) qurishga moratoriy e’lon qilish;
Toshkent viloyatining Toshkent shahriga tutash tumanlarida sanoat maqsadlari ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanishni taqiqlash;
Issiqlik markazlarida zaxira yoqilg‘isi sifatida mazutdan foydalanishni keskin taqiqlash;
Ilmiy va puxta ishlangan xulosalar asosida shamol tezligini pasaytirish, tuproq zarralari ko‘chishini oldini olishga qaratilgan Toshkent atrofida “yashil belbog‘”lar barpo etish.
Uning so‘zlariga ko‘ra, atmosfera havosi ifloslanishining fon monitoringini amalga oshirish maqsadida respublikaning 26 ta tuman (shahar)laridagi 74 ta ko‘chmas kuzatuv punktlarida, shu jumladan, 8 ta avtomatlashtirilgan monitoring stansiyalarida kuzatuvlar yo‘lga qo‘yilgan.
O‘tgan 2023-yilda atmosfera havosiga tashlamalar 2 138,3 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, ulardan 1 279,9 ming tonnasi yoki 59,9 foizi avtotransport vositalari, 858,4 ming tonnasi yoki 40,1 foizi sanoat korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelgan.