Zelenskiy Zalujniyga boshqa muhim lavozimni egallashni taklif qilmadi — OAV

"Zerkalo Nedeli" nashri: Zelenskiy Zalujniyga muhim lavozimga tayinlanmasdan o‘z lavozimini tark etishni taklif qildi.
Sputnik
TOShKENT, 30 yanv — Sputnik. Dushanba kuni Vladimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyga boshqa muhim lavozimga tayinlanmasdan o‘z lavozimini tark etishni taklif qildi, Zalujniy iste’foga chiqish arizasini yozish niyatida emas. Bu haqda Ukrainaning "Zerkalo Nedeli" nashri Zelenskiyning kabinetidagi va Zalujniy atrofidagi manbalarga tayanib ta’kidlamoqda, deb yozadi RIA Novosti.

"Ha, shunday taklif bor edi. O‘z navbatida, Zalujniy kim bilan ishlashni hal qilish oliy bosh qo‘mondonning huquqi ekanligini aytdi", – deb javob berdi manbalar Zelenskiy Zalujniyga iste’foga chiqishni taklif qildimi degan savolga javoban.

Nashr suhbatdoshlari, shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza yozmagani va yozmoqchi ham emasligini ta’kidladi. Shu bilan birga, ular Zelenskiyning farmoni bilan Zalujniyni lavozimidan chetlashtirish uchun mudofaa vaziri Rustam Umerovning taqdimnomasi zarurligini ta’kidladilar.
“Yo‘q, yozgani yo‘q va yozish niyati ham yo‘q... Zalujniyga hech qanday adekvat yoki ahamiyatli narsa taklif qilinmadi, gap faqat yordamchi yoki maslahatchi maqomi haqida bo‘ldi”, — deya manbalardan iqtibos keltirmoqda nashr.
Bundan tashqari, manbalar Zalujniyning hali farmon bilan rasmiylashtirilmagan iste’fosi Ukraina Qurolli Kuchlari qo‘mondonligi va mamlakat siyosiy rahbariyatidagi kadrlar o‘zgarishi zanjirining birinchi bo‘g‘ini ekanligini tasdiqlashdi.
Dushanba kuni ertalab Ukraina parlamenti deputati Aleksey Goncharenko* o‘z manbalariga tayanib Zalujniy iste’foga chiqishi haqida e’lon qilinganini, ammo farmon matni hozircha yo‘qligini aytdi. Deputatning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoniga Yevropa davlatlaridan birida elchi lavozimi taklif qilingan, biroq u rad javobini bergan. Zalujniyning ishdan bo‘shatilishi haqida Oliy Radaning sobiq deputati Borislav Bereza ham xabar bergan edi.
Bu bayonotlardan so‘ng Ukraina Mudofaa vazirligi Telegram sahifasida “bu haqiqat emas” yo‘sinida post e’lon qildi. Zelenskiyning matbuot kotibi Sergey Nikiforov ham “Ukrainskaya pravda” nashriga bergan izohida Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni iste’foga chiqqani haqidagi xabarlarni rad etdi.
* Rosfinmonitoring terrorchilar va ekstremistlar reyestriga kiritilgan