TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. Toshkent ko‘chalariga atmosfera havosining sifat ko‘rsatkichini doimiy e’lon qilib boradigan tablo va monitorlar o‘rnatiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda davlat rahbari ekologiya sohasidagi dolzarb masalalarni tahlil qildi.
Aytilishicha, 2020-yildan buyon hududlarda 22 mingta yangi sanoat korxonasi ishga tushdi, bu davrda qariyb 250 ming yangi uy-joylar qurildi.
Bugungi kunda sanoat korxonalari va avtomobillardan atmosferaga yiliga 2 million tonnadan ziyod ifloslantiruvchi moddalar chiqmoqda. Ayniqsa, poytaxtda, Olmaliq, Nurafshon, Ohangaron, Angren, Bekobod va Quvasoy shaharlarida havodagi ifloslantiruvchi moddalar miqdori boshqa hududlarga nisbatan ancha ko‘p.
Hududlardagi ayrim korxonalarda haligacha 10-yildan ortiq ishlatilayotgan chang-gaz tozalash uskunalari mavjudligi qayd etildi.
Sanoat korxonalari “oyoqqa turishi” uchun ko‘plab yengillik va imtiyozlar berilgani, lekin ayrim korxonalar na soliqlar to‘lashni, na atrof-muhitni himoya qilishni o‘ylayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
“Aksariyat hollarda qurilish obyektlari va loyihalari ekologik ekspertizadan o‘tkazilmasdan amalga oshirilayapti. Shu munosabat bilan 1-apreldan boshlab har bir hududning havo, suv va atrof muhitni ifloslanish darajasiga qarab tuziladigan reytingi joriy qilinishi belgilandi”, — deyiladi xabarda.
Atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologiya va iqlim o‘zgarishi vazirligiga hokimlar va tarmoq rahbarlari bilan birga:
joylarda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha har bir tuman va shaharning “master-reja”sini ishlab chiqish;
yil yakunida hudud va tarmoqlarning ekologik reytingi va ekologik pasportini e’lon qilib borish topshirildi. Natijalari bo‘yicha hokimlar aholiga murojaat qilishi belgilandi.
Toshkent va Nukus shaharlari, viloyat markazlari hamda sanoatlashgan 20 ta tumanda avtomatik havo monitoringi stansiyalarini o‘rnatishni boshlash vazifasi qo‘yildi.
"Poytaxt ko‘chalariga atmosfera havosining sifat ko‘rsatkichini doimiy e’lon qilib boradigan tablo va monitorlar o‘rnatiladi", — deb yozadi Asadov.
Yil yakuniga qadar 112 ta yirik sanoat korxonasi va barcha sement ishlab chiqaruvchilarda zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatish va eskilarini almashtirish, havoga chang tashlash darajasi yuqori bo‘lgan korxonalarda filtrlarni yangilash muhimligi ta’kidlandi.
Yirik qurilish materiallari, energetika, metallurgiya korxonalari tomonidan 5 gektardan “yashil belbog‘” yaratib, jami 10 million tup daraxt ekish tashkil etiladi.
Qurilish korxonalari ham ijtimoiy mas’uliyatni his qilgan holda, Toshkentda “yashil belbog‘lar” tashkil qilishi kerakligi aytildi.
Shuningdek:
Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga “noqonuniy kesilgan har bir daraxt o‘rniga 100 ta ko‘chat ekish” tizimini joriy qilish topshirildi.
Ohangarondagi 23 gektar va Yangiyo‘ldagi 37 gektarda joylashgan sobiq chiqindi poligonlari hududida “yashil bog‘lar” tashkil qilish boshlanadi.
Suvga zararli tashlanmalarni oqizayotgan va o‘zidan zararli chiqindilarni ko‘p chiqarayotgan korxonalar bilan ishlash bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi.
Kelgusi besh yil davomida Toshkent shahri va unga tutash Toshkent viloyati tumanlarini to‘liq yashillik bilan qoplashni nazarda tutuvchi kamida 3 ming gektar “yashil belbog‘” va 200 gektar “yashil bog‘lar” tashkil qilinadi.