"Biz moslashishimiz kerak" – o‘zgarayotgan muhitda qanday omon qolish haqida immunolog fikri
Allerolog: immunitet tizimining bitta vazifasi bor – tanani tashqaridan kelgan va ichkarida hosil bo‘lgan narsalardan himoya qilish.
SputnikSo‘nggi paytlarda Toshkent havo iflosligi bo‘yicha (IQAir platformasiga ko‘ra) dunyoning eng ifloslangan yirik shaharlari reytingida birinchi beshlikni tark etmayapti. Ko‘p hollarda PM 2,5 (o‘lchami 2,5 mikrondan kichik) zarrachalari meyordan 10 baravar oshadi, bu esa aholini, albatta, tashvishga soladi.
Yanvar oyida Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi poytaxtdagi havo ifloslanishiga daraxtlarning noqonuniy kesilishi, tasdiqlanmagan bosh rejali qurilishlar, avtotransport vositalaridan chiqindi gazlari, sanoat korxonalaridan chiqayotgan gazlar ta’sir ko‘rsatayotganini ma’lum qilgan edi.
Shu bilan birga, vazirlik aniqlik kiritganidek, shamolning noto‘g‘ri aylanmasi tufayli ifloslangan havo chiqib ketmayotganligi ham vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.
“Toshkent shahrida havoning ifloslanishiga shamolning yo‘nalishi va tezligi, havo harorati, quyosh nurlanishi, yog‘ingarchilik miqdori va davomiyligi, harorat inversiyasi (aralash zarrachalarning vertikal tarqalishiga to‘sqinlik qiluvchi issiq havo qatlami) va boshqa tabiiy omillar sabab bo‘lmoqda. Toshkent tog‘lar bilan o‘ralgan, shuning uchun shamol aylanmayotgani sababli changli havo oqimi shaharda qolmoqda va tabiiy ravishda chiqib keta olmaydi”, — deya tushuntirdi Ekologiya vazirligi.
Yaqinda O‘zbekistonda milliy havo sifati standartlari ishlab chiqilishi ma’lum bo‘ldi. Ekologiya vazirligi buni mamlakatning geografik va iqlimiy xususiyatlari tufayli havo ifloslanishining ruxsat etilgan darajasi bo‘yicha JSST tavsiyalariga amal qilish juda qiyinligi bilan izohladi.
“JSST tavsiyalariga ko‘ra, PM 2,5 ning o‘rtacha yillik miqdori 5 mkg/m3, o‘rtacha kunlik miqdori 15 mkg/m3 ni tashkil qiladi. Dunyoning hech bir davlatida ko‘rsatkichlar JSST tavsiya qilgan standartlarga javob bermaydi, ko‘plab mamlakatlar o‘z milliy standartlarini qabul qilgan”, — deyiladi Ekologiya vazirligida.
Shuningdek, bugungi kunda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda havo sifati monitoringi bo‘yicha milliy platforma va mobil ilova ishlab chiqilayotganini ta’kidladilar. Bundan tashqari, loyiha doirasida 2023-yilda Surxondaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda havo ifloslanishidan aholi o‘rtasida kasallanish darajasini o‘rganish boshlandi.
Ayni paytda toshkentliklarning ko‘pchiligi uzoq davom etuvchi yo‘tal, tumov, tez-tez aksirish va allergik kasalliklarning kuchayishiga duch kelishmoqda. Aholi havo tozalovchi apparatlarni sotib olishga shoshilmoqda, yosh onalar yosh bolalari bilan kamroq ko‘chaga chiqishmoqda, ochiq havoda ko‘p bo‘lmaslik, derazalarni ochmaslik va ko‘chada niqob taqish kabi tavsiyalar poytaxt aholisi uchun odatiy holga aylangan.
Bizning immunitetimiz atrof-muhitdagi o‘zgarishlarga qanday munosabatda bo‘ladi, uzoq davom etadigan yo‘tal nimadan dalolat beradi va biz o‘zimiz bu holatda tanamizga qandaydir tarzda yordam bera olamizmi? Bu haqda tibbiyot fanlari doktori, allergolog Gulnora Jambekova va immunolog Adolat Ismoilova Sputnik O‘zbekiston muxbiri bilan suhbatda gapirdi.
“Men turli yoshdagi bemorlar bilan ishlayman. Birinchi shikoyat esa – ularning immuniteti tushib ketgan (hamma odatda shunday deb o‘ylaydi). Men savollar berishni boshlayman: sizni aynan nima bezovta qiladi, o‘zingizga nima yoqmaydi, nima bo‘lyapti? Yoki bolada nima muammo?
Asosan, bu bola yoki kattalar tez-tez kasal bo‘layotganligi haqida shikoyat bo‘ladi. Biz hammamiz tirik odammiz, barchamiz kasal bo‘lamiz, tabiiyki, bizda yiliga bir necha marta nafas olish yo‘llari infeksiyalari bo‘ladi, ular bo‘lishi tabiiy. Hozir hamma band, ammo kattalar vaqt ajratib murojaat bilan kelishmoqda. Men uchun bu insonlarning hayot darajasi pasayganligidan dalolat beradi”, – deydi Adolat Ismoilova.
“Men qanday savol bermasam ham, hamma sabablar, ayniqsa kattalarda, turmush tarziga bog‘liq bo‘ladi. Albatta, biz bu yerda hamma narsani – ekologiyani, atrof-muhitni ham hisobga olamiz. Uning shaxsiy hayot tarzi qanday? Ishonavering, 99% hollarda deyarli hammada hayot tarzi yaxshi holatda emas. Bola bilan bog‘liq bo‘lsa, agar u kichkina bo‘lsa, deyarli yana xuddi shunday holat bo‘ladi. Agar u bolalar bog‘chasiga borishni boshlasa, ko‘pincha yallig‘lanish jarayonlaridan shikoyat qiladi, ammo bu ham tabiiy jarayon, chunki biz hammamiz muhitga moslashishimiz kerak. Ya’ni, immunitetimiz asta-sekin bizni atrof-muhit sharoitlariga moslashtiradi. Moslashuv aniq tez-tez uchraydigan o‘tkir respirator yallig‘lanish kasalliklari bilan namoyon bo‘ladi, bu odatda yiliga 12-14 marta sodir bo‘lishi mumkin”.
Shuningdek, immunolog fikriga ko‘ra, bizga ta’sir qiluvchi ko‘plab omillarni hisobga olishimiz kerak. Masalan, virusli infeksiyaning xususiyatlari, odamning nevrologik holati (asab tizimining holati), atrof-muhit holati.
“Epigenetika” degan atama mavjud – atrof-muhitning tanamizga ta’siri”, – deya qo‘shimcha qiladi Adolat Ismoilova.
Gulnora Jambekova ham hamkasbining fikriga qo‘shiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘tal tananing himoya reaksiyasidir.
"Agar bola yoki biz uzoq vaqt yo‘talayotgan bo‘lsak, bu tana kekraksiz narsani ichidan chiqarib yuborishga harakat qilayotganini anglatadi. Immunitet tizimining bitta vazifasi bor – tanani tashqaridan kelgan va ichkarida hosil bo‘lgan narsalardan himoya qilish”, – deydi allergolog.
O‘z navbatida, Adolat Ismoilova atrof-muhit ifloslanishidan birinchi navbatda nafas olish tizimi zarar ko‘rishini tushuntiradi.
"Bu infeksiya uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l, shuning uchun birinchi navbatda himoya funksiyalari – nafas olish tizimi va oshqozon-ichak trakti, shilliq qavat zarar ko‘radi. Bugungi kunda butun dunyo olimlari bu omillarning uzoq muddatli ta’siri bizda surunkali yallig‘lanishni keltirib chiqarishini ta’kidlashmoqda. U surunkali charchoq ko‘rinishida ham namoyon bo‘ladi. Immun tizimi surunkali yallig‘lanish ta’siriga tushganidan so‘ng uni to‘xtatish juda qiyin”, – deb tushuntiradi immunolog.
Shaxsiy amaliyotdan mutaxassis ma’lum qildiki, ko‘plab bemorlar surunkali yo‘taldan shikoyat qilib, dengizga yoki toqqa ko‘chib o‘tish ularning sog‘lig‘ini yaxshilashga yordam beradi deb umid qiladilar.
“Mayli, dengizga borasiz, ko‘pi bilan bir oy u yerda bo‘lasiz. Lekin baribir bu yerga, yashash joyingizga qaytasiz. Immunolog sifatida yana aytaman, hamma narsa dozada va doimiy bo‘lishi kerak. biz aynan shu havodan nafas olishimiz kerak. Ba’zi onalar menga havo ifloslanishi haqida shikoyat qilishadi. Ammo bu bizning muhitimiz va unga ko‘nikishimiz, moslashishni va do‘stlashishni o‘rganishimiz kerak. Boshqa tanlovimiz yo‘q. Biz taraqqiyotni, ishlab chiqarishni to‘xtata olmaymiz, hammamizga sivilizatsiya kerak. Biz XXI asrda yashayapmiz, u rasman allergik va immun kasalliklar asri deb e’lon qilingan va biz bunga guvoh bo‘lmoqdamiz" – deya tushuntirdi Adolat Ismailova.
Batafsil ma’lumot Sputnik O‘zbekiston muxbiri bilan suhbatda berib o‘tildi.