TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. O‘zbekiston kompaniyalari Saudiya Arabistonida 25-27 fevral kunlari o‘tkaziladigan cayyohlik bo‘yicha xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etish uchun taklif etildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
“Ushbu ko‘rgazmadan ko‘zlangan asosiy maqsad xorijiy mamlakatlarning sayyohlik salohiyati va barcha sohalardagi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat”, — deyiladi agentlik xabarida.
O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi Ulug‘bek Maqsudov va Saudiyaning “Saudi Travel Market” sayyohlik kompaniyasi marketing bo‘yicha mutaxassisi Siham Al-Mas’ud o‘rtasidagi uchrashuvda turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Elchi O‘zbekistonning turizm sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida gapirdi, Saudiya tomoni esa o‘zbekistonlik hamkorlar bilan aloqalarni faollashtirishdan manfaatdorligini bildirdi.