O‘zbekiston va Ozarbayjon Maqsud Shayxzoda haqida film suratga oladi

Film Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga ko‘ra suratga olinadigan tarixiy shaxslar hayoti va ijodiga bag‘ishlangan "Tirik tarix" turkumidagi 50 ta loyihadan biri bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. Ozarbayjonda bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbekiston fan va madaniyati kunlari” doirasida ikki davlat kinematograflari kelib chiqishi Ozarbayjondan bo‘lgan o‘zbek shoiri va dramaturgi Maqsud Shayxzoda haqida film suratga olishga kelishib oldilar.
"O‘zbekiston va Ozarbayjon Kinematografiya agentliklari o‘zbek xalqining sevimli shoiri, yozuvchi, dramaturgi, zabardast olimi Maqsud Shayxzoda haqida film yaratish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi", - deyiladi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi xabarida.
Memorandum Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov va Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi kinematografiya agentligi direktori O‘rxan Fikret o‘g‘li tomonidan imzolandi.
“O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yilda mamlakatimiz tarixiy shaxslari hayoti va ijodiga bag‘ishlangan 50 ta loyihadan iborat "Tirik tarix" turkumi ostida filmlar yaratish tashabbusini ilgari surdi. 7-yilga mo‘ljallangan dastur loyihasiga kiritilgan filmlardan biri “Maqsud Shayxzoda” qo‘shma kinoloyihasidir.
Ishonamizki, ushbu kinomahsulotlar O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari qalbidan joy oladi va xalqlarimiz o‘rtasidagi umumiy madaniy aloqalairni mustahkamlashga hissa qo‘shadi”, - dedi Firdavs Abduxoliqov.
“O‘zbek kinosidagi yangiliklar, islohotlar bizni ham juda xursand qilmoqda hamda aynan o‘zbek o‘zbek milliy filmlariga bo‘lgan qiziqishimiz ortmoqda. Albatta, milliy kinematografiyangizdagi bunday ijobiy islohotlar prezidentingizning e’tibori va ko‘magi tufayli. O‘zbekiston kinoijodkorlari bilan hamkorlikda ushbu filmdan tashqari yana boshqa mavzularda ham qo‘shma loyihalar ishlash rejamizda bor”, – deb ta’kidladi O‘rxan Fikret o‘g‘li.