O‘zbekiston va Belarus ishbilarmon doira vakillari muzokaralar o‘tkazdi

Davra suhbati O‘zbekiston SSP raisi o‘rinbosari Jamshed Urakov hamda Belarus SSP raisi Mixail Matlikov hamraisligida o‘tkazildi.
Sputnik
TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. Minsk shahrida O‘zbekiston va Belarus ishbilarmon doira vakillari ishtirokida davra suhbati va B2B formatidagi muzokaralar tashkil etildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (SSP) raisining o‘rinbosari Jamshed Urakov boshchiligida O‘zbekiston ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiya amaliy safar bilan Belarusda bo‘lib turibdi.
Safar davomida Minsk shahrida O‘zbekiston va Belarus ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbati hamda B2B formatidagi muzokaralar tashkil etildi.
Tadbirda Belarus tomonidan 170 dan ziyod ishlab chiqarish korxonalari, iqtisodiyotning turli tarmoq, ulgurji va chakana savdo, eksport va importga ixtisoslashgan tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Davra suhbati O‘zbekiston SSP raisi o‘rinbosari Jamshed Urakov hamda Belarus SSP raisi Mixail Matlikov hamraisligida o‘tkazildi. Unda tomonlar qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, qurilish, yog‘ochsozlik, elektrotexnika sanoati va turizm sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Tadbirda so‘zga chiqqan "Bellegprom" va "Bellesbuprom" konserni, shuningdek, "Belarus universal tovar birjasi", O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, "O‘zcharmsanoat", "O‘zsanoatqurilish materiallari" uyushmalari vakillari o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar haqida o‘z takliflarini ilgari surishdi.
Bo‘lib o‘tgan ishbilarmonlik anjumani yakunida ikki mamlakat biznes vakillari o‘rtasida B2B formatida muzokaralar uyushtirildi. Muloqot chog‘ida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq loyihalar ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston vakillari qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalariga chiqqan holda muzokaralarni davom ettirishdi.
O‘zbekiston milliy tergov amaliyotiga Belarus tajribasini joriy etishni rejalashtirmoqda