TOShKENT, 24 yanv — Sputnik. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) qizamiqqa qarshi shoshilinch emlanishni tavsiya qildi, deya xabar berdi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi.
JSSTning Yevropa mintaqaviy burosi "ko‘hna qit’a" davlatlarini zudlik bilan qizamiqqa qarshi emlash kampaniyalarini o‘tkazishga chaqirdi.
Bu shoshilinch tavsiyalar bejiz aynan shu kunlarda o‘rtaga chiqqani yo‘q. Chunki mintaqada o‘tgan yil davomida ushbu kasallikni yuqtirish holatlari 2022-yilga nisbatan 30 barobar ko‘p qayd etilgan.
Ekspertlar buni pandemiya davrida qizamiqqa qarshi vaksinatsiya qamrovi keskin pasaygani bilan izohlamoqda. Oqibatda 2023-yilning yanvar-oktabr oylarida bu kasallikka chalingan bemorlar soni 30 ming nafardan oshdi. Mazkur statistika 2022-yilda atigi 941 tani tashkil etgan edi.
"JSST prognoziga ko‘ra, so‘nggi oylarda qizamiq bilan kasallanish holatlari yana ko‘paygan va shoshilinch choralar ko‘rilmasa, bu tendensiya davom etishi ehtimoli yuqori", — deyiladi xabarda.
Hozir qizamiq rasman endemik deb e’lon qilingan davlatlarda o‘sish dinamikasi kuzatilmoqda. Xususan, Buyuk Britaniya xastalik ko‘payishi ortidan mamlakatda milliy favqulodda holat rejimini joriy etishga majbur bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, dunyo bo‘yicha 2022-yilda emlash qamrovi 2021-yilga nisbatan biroz oshgan bo‘lsa-da, ammo shunda ham 33 million bola qizamiqqa qarshi emlash dozalari bilan qamrab olinmadi. 22 million nafarga yaqin o‘g‘il-qiz bunday vaksinalarning birinchi dozasini, 11 million nafari ikkinchi dozasini qabul qilishdan chetda qolgan.