Sog‘liqni saqlash tizimida loyiha ofisi tashkil etiladi — u qanday yo‘nalishlarni qamrab oladi?

Loyiha ofisiga xorijiy ekspert va maslahatchilar shartnoma asosida jalb etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 23 yanv — Sputnik. “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisini tashkil qilish kutilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha takliflar taqdimotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasida davlat muassasasi shaklida “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisini tashkil qilish taklif etilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Loyiha ofisi quyidagi yo‘nalishlarga mas’ul etib belgilanadi:
davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini hamda davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketini to‘liq joriy etish;
tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligi ustidan nazorat tizimini kuchaytirish;
kadrlar salohiyatini oshirish;
tibbiy ta’lim tizimi va ilm-fan sohasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish.
Shuningdek, bu markaz raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini jadallashtirish, xususiy sektorni kengaytirish, davlat xaridlari shaffofligini oshirish, farmatsevtika sohasini isloh qilishga ko‘maklashadi.
Loyiha ofisi faoliyatiga ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining tajribali mutaxassislari, shuningdek, xorijiy ekspert va maslahatchilar shartnoma asosida jalb qilinadi.
Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

“Toshkent tibbiyot akademiyasining ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Unda jamoat salomatligi, profilaktik tibbiyot, jismoniy faollik ixtisosliklari bo‘yicha magistrlik yo‘nalishlari ochiladi. Tibbiyot yo‘nalishidagi talabalar bilimini xalqaro tan olingan tizim asosida, ikki bosqichda davlat imtihonlari orqali baholash yo‘lga qo‘yiladi”, deyiladi xabarda.

Kelgusi o‘quv yilidan boshlab, hududlardagi ehtiyojdan kelib chiqib, tibbiyot oliygohlarining 200 nafar bitiruvchisi magistratura va klinik ordinatura dasturlari asosida yetakchi xorijiy ta’lim muassasalarida o‘qitiladi.
Shuningdek, ixtisoslashtirilgan xirurgiya, kardiologiya, endokrinologiya, dermatovenerologiya va kosmetologiya markazlari, Bolalar milliy tibbiyot markazi hamda Milliy tibbiyot markazi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.
Joriy yilda amaldagi 40 ta sanitariya qoida va normalari qayta ko‘rib chiqilib, xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi.
Prezident takliflarni ma’qulladi va “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash bo‘yicha topshiriq berdi.