TOShKENT, 18 yanv — Sputnik. Yagona to‘g‘ri yo‘limiz – xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish va eksportni ko‘paytirish. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma’lum qild, deb yozmoqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Prezident raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024-yilda turgan vazifalar bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
Davlat rahbari yalpi ichki mahsulotni oshirishga faqat ichki investitsiya va ichki bozor bilan erishib bo‘lmasligini qayd etdi.
“Yagona to‘g‘ri yo‘limiz – xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish va eksportni ko‘paytirish”, — dedi prezident.
Prezident bevosita investitsiya, sanoat va eksportga mas’ul 11 ta vazirlik va idora, 10 ta uyushma, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar, bundan tashqari, barcha vazirlik, tarmoq va hududlarda eksport va investitsiyaga mas’ul rahbar o‘rinbosari faoliyat yuritayotgan investitsiyalar va tashqi savdo tizimining faoliyati juda sustligini ko‘rsatib o‘tdi.
Tizimda investitsiya va eksport bo‘yicha chuqur tahlil yo‘qligi tanqid qilindi. Asosiy bozorlar bo‘lgan mamlakatlardagi devalvatsiya, jahonda ro‘y berayotgan ziddiyatlar va logistika hisobiga ularga eksport kamaygan. Bunday murakkab vaziyat bugun yoki kecha boshlanmagani, Investitsiya vazirligi va tarmoqlar rahbarlari eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish ustida o‘z vaqtida bosh qotirmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Kompleks rahbariyati so‘nggi olti yilda chetdan qariyb 50 milliard dollar investitsiya kirgani haqida ma’lumot berayotgani, lekin ushbu investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotga, qo‘shilgan qiymatga, eksportga ta’siri qanday bo‘lgani bo‘yicha tahlillar yetarli emasligi qayd etildi.
Masalan, o‘tgan yili yalpi ichki mahsulot ham, sanoat ham 6 foizga o‘sdi. Biroq, tovarlar eksportida kutilganidek o‘sish bo‘lmagani aytildi. Hududlarda esa moliyalashtirish to‘liq yakunlangan 8 trillion so‘mlik 1 mingta loyiha haligacha ishga tushmagan.
“Mamlakatimiz sertifikatlarini tan olish bo‘yicha haligacha birorta davlat bilan kelishuvga erishilmagan”, — deyiladi xabarda.
Xalqaro moliya tashkilotlari bilan qiymati 480 million dollarlik 5 ta loyiha bo‘yicha kelishuv imzolanganiga 1-2 yil bo‘lgan bo‘lsada, o‘zlashtirish boshlanmagan. Yoki, ikki yil oldin tashkil qilingan To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasiga 1 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelish bo‘yicha rejalar to‘liq amalga oshirilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
“Shu munosabat bilan kompleks uchun mas’ul Bosh vazir o‘rinbosari J.Xodjayev chorak yakunigacha o‘zgarish qilmasa, lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi to‘g‘risida ogohlantirildi. O‘z tizimidagi kamchiliklar va sustkashlik uchun Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari B.Abidov va Texnik tartibga solish agentligi rahbari D.Sattarov lavozimidan ozod qilindi”, — deb yozadi Asadov.
Investitsiya kompleksiga kiruvchi vazir va hokimlarning rejalari va natijalari sust bo‘lgan o‘rinbosarlari ishdan bo‘shatilib, ularga aniq KPI belgilanishi va shundan keyin bir yil muddatga shartnoma asosida ishga olinishi belgilandi. Natijaga qarab shartnoma uzaytiriladi yoki bekor qilinadi.