TOShKENT, 18 yanv – Sputnik. Eronning Pokiston bilan chegarasida joylashgan Seravon viloyatining bir necha hududida portlashlar sodir bo‘ldi. Bu haqda “Mehr” agentligi viloyat gubernatorining xavfsizlik va huquq-tartibot organlari bo‘yicha o‘rinbosari Alirizo Marhamati so‘zlariga tayanib xabar berdi.
"Seravan atrofidagi hududlarda bir nechta portlashlar ovozi eshitildi", – dedi Marhamati.
“Franse Press” xabariga ko‘ra, Pokiston harbiylari qo‘shni davlat hududidagi “anti-Pokiston guruhlari”ga zarba bergan.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi Eron suverenitetini hurmat qilishini, hujumdan maqsad esa o‘z xavfsizligini ta’minlash ekanini bildirgan.
Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi seshanba kuni Pokistonning Eron bilan chegaradosh Belujiston viloyatida joylashgan “Jaysh al-Adl” terrorchilik guruhining asosiy bazasiga ballistik raketa va dronlar yordamida zarba berilganini e’lon qildi.
Islomobod Tehron hujumini keskin qoraladi va chorshanba kuni u yerdan o‘z elchisini chaqirib oldi. Shuningdek, Eron diplomatik missiyasi rahbari hozircha Pokistondagi faoliyatini davom ettira olmasligini ma’lum qilgan.