TOShKENT, 16 yanv — Sputnik. Iqtisodiy kompleksdagi o‘rinbosarlar soni 15 foizga qisqartiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha hukumat oldidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yili iqtisodiy o‘sish 6 foizni tashkil qilgan, bu yil ham bu borada katta rejalar olingan. Ularni amalga oshirish uchun iqtisodiy kompleks juda qattiq ishlashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shavkat Mirziyoyev
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Iqtisodiy kompleksda jami 40 nafar rahbar o‘rinbosarlari bor. Lekin, hozir iqtisodiyotga mas’ullarda zamonga munosib fikrlash, qaror qabul qilishda tezkorlik yetishmayapti. Ayrim rahbar o‘rinbosarlari o‘ziga mas’uliyat olmasdan, mudrab o‘tirgani tanqid qilindi.
“Davlat rahbari tizimni qayta ko‘rib chiqib, iqtisodiy kompleksdagi o‘rinbosarlar sonini 15 foizga qisqartirish bo‘yicha taklif kiritishga topshiriq berdi”, — deyiladi xabarda.
Bunda har bir tumanda, viloyatdagi iqtisodiy kompleksning rahbar va o‘rinbosarlari hamda 11 ta vazir va idora rahbari, o‘rinbosarlariga mas’uliyati va javobgarligi aniq belgilab beriladi.
So‘rov ham shunga yarasha qattiq bo‘lishi ta’kidlandi.
Shuningdek, iqtisodiy kompleks rahbarlariga oylik, choraklik va yillik samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) joriy etiladi. Ish haqi ham ularning ijrosiga bog‘lanadi.
“Ushbu rahbarlar bir hafta muddatda xalqqa murojaat qilib, rejalarini oddiy tilda tushuntiradi hamda o‘ziga katta mas’uliyat va javobgarlik oladi. Endi vazir o‘rinbosarlarini 70 foiz ishi tumanda bo‘lib, ular vazirlik uchun belgilangan KPI ijrosini joyida tashkil qiladi”, — deya qayd etildi yig‘ilishda.
Belgilangan rejalarga erishish ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi: vazirlik va idora rahbarlarining hisoboti har haftada Hukumat rayosatida, har chorakda esa Oliy Majlisda ko‘rib chiqiladi.