TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. “To‘maris izdoshlari-2023” respublika tanlovi g‘oliblari taqdirlandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Harbiy xizmatchi ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, harbiy jamoalarda ularning o‘rnini oshirish, kundalik xizmatda faol ishtirokini ta’minlash maqsadida 2023-yilning 19-20 oktabr kunlari Qurolli Kuchlar tuzilmalarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi ayollar o‘rtasida “Vatan mehri yuragimda” shiori ostida “To‘maris izdoshlari-2023” nomli Respublika tanlovi o‘tkazilgan edi.
Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, unda vazirlik terma jamoasi faol ishtirok etib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.
Mudofaa vazirligi Harbiy tibbiyot akademiyasi katta majlislar zalida mazkur tanlov ishtirokchilarini taqdirlashga bag‘ishlagan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar xizmatchilari va boshqa davlat, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan vazir o‘rinbosari bugun O‘zbekistonda har sohada, shu jumladan, harbiy xizmatda ham ilg‘orlikka erishayotgan ayollarning sha’niga iliq fikrlarini bildirdi. Ulardagi yuksak bilim, malaka matonat va jasoratni e’tirof etdi. Ularning kelgusi xizmat faoliyatlariga yanada ulkan zafarlar tiladi.
Tantanada “To‘maris izdoshlari-2023” tanlovining 13 nafar g‘oliblari taqdirlandi. Ularga mudofaa vazirining diplom va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, Mudofaa vazirligi tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shgan harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar xizmatchilari va keng jamoatchilik vakillariga “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak-nishoni topshirildi.