TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. Rossiyaning “Ural Airlines” aviakompaniyasi Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida muntazam qatnovlarni tiklamoqda. Bu haqda “Uzbekistan airports” xabar berdi.
Birinchi yo‘lovchi reysi joriy yil 13-yanvarga mo‘ljallangan. Aviakompaniya Airbus A320 va Airbus A321 kabi samolyotlarda beshta yo‘nalishda parvozlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Yekaterinburg — Samarqand — Yekaterinburg yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar haftasiga ikki marta — seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi;
Moskva — Namangan — Moskva yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar haftasiga ikki marta — dushanba va shanba kunlari amalga oshiriladi;
Moskva — Toshkent — Moskva yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar har kuni amalga oshiriladi;
Moskva — Qarshi — Moskva yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar haftada uch marta — seshanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi;
Samara — Urganch — Samara yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar haftada bir marta — payshanba kunlari amalga oshiriladi.
“Ural Airlines” aviakompaniyasi bosh qarorgohi Yekaterinburgda (Rossiya) joylashgan. Aviakompaniya Rossiyadagi eng yirik beshta aviatashuvchilardan biri hisoblanadi.