TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. Joriy yilda Qozog‘iston va Tojikiston davlatlarida “made in Uzbekistan” savdo uyi ochiladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda "O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, eksport qilingan mahsulotlarning 27 foizi metall buyumlar, 10 foizi keramika mahsulotlari, 14 foizi PVX profil, truba va plastmassa mahsulotlari, 8 foizi quruq qurilish qorishmalari kabi mahsulotlar ulushiga to‘g‘ri keldi. Eksport qilingan qurilish materiallari turlari 55 dan 65 ga oshgan bo‘lsa, eksport geografiyasi 43 davlatdan 53 taga oshdi.
Davlatlar kesimida tahlil qilinganda eksport qilingan mahsulotlarning 34,5 foizi Qozog‘iston hissasiga, 17,4 foizi Qirg‘izistonga, 12,6 foizi Tojikistonga, 12,3 foizi Rossiya Federatsiyasiga, 4,2 foizi Turkmanistonga, 3,2 foizi Litvaga va 2,3 foizi Xitoy davlatlariga to‘g‘ri kelgan.
Shu bilan birga, Tailand, Belgiya, Fidji, Isroil, Ispaniya, Fransiya, Xorvatiya, Iroq, Braziliya va boshqa shu kabi davlatlarning bozorlarini o‘zlashtirilishi hisobiga mahsulotlar eksport geografiyasi kengaytirildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yilning o‘zida qo‘shimcha 10 tadan ortiq yangi mahsulotlar eksport qilindi.
Shuningdek, eksport ko‘lamini kengaytirish, yangi hamkorlarni topish maqsadida mahalliy tadbirkorlar va uyushma mutaxassislari Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkiya, Ozarbayjon, Xitoy, Eron kabi davlatlarda tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazma forumlarda ishtirok etayotgani ta’kidlandi.
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan 2023-yilda Ozarbayjon davlatida “made in Uzbekistan” savdo uyi ochildi. Joriy yilda esa Qozog‘iston va Tojikiston davlatlarida ham shunday savdo maskanlarini barpo etish rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, qurilish materiallarining asosiy eksport bozorlari qo‘shni respublikalar hisoblanadi. Xususan, Qozog‘istonga – 193 mln dollarlik, Rossiyaga – 110 mln dollarlik, Qirg‘izistonga – 93 mln dollarlik, Tojikistonga – 86 mln dollarlik, Litvaga – 29 mln dollarlik, Latviyaga – 16 mln dollarlik, Turkmanistonga –15 mln dollarlik, Koreyaga – 11 mln dollarlik, Afg‘onistonga – 2 mln dollarlik, Ozarbayjonga – 7 mln dollarlik qurilish materiallari eksporti amalga oshirilgan.