COVID-19 tufayli shifoxonaga yotqizilganlar soni oshdi

O‘tgan yilning dekabr oyida COVID-19 oqibatida qariyb 10 000 nafar kishi hayotdan ko‘z yumdi.
Sputnik
TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. O‘tgan oyda COVID-19 tufayli shifoxonaga yotqizilganlar soni 42 foizga oshgan. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) tayanib xabar berdi.
Aytilishicha, hozir COVID-19 insoniyat uchun global tahdid emas. Pandemiya bekor qilinganidan buyon 9 oy o‘tdi. Ammo hali ham virus mutatsiyaga uchrashda davom etapti. Achinarli jihati, infeksiyani yuqtirish va o‘lim holatlari yana ko‘paymoqda.
Xususan, JSST bosh direktori Tedros Gebreyesusning ma’lum qilishicha, o‘tgan yilning dekabr oyida koronavirus tashxisi qo‘yilganlar soni sezilarli darajada oshgan.
"Buni Yangi yil bayrami arafasida savdo rastalari, tomoshagoh va boshqa jamoat joylari nisbatan gavjum bo‘lgani hamda "omikron" shtammining yangi JN.1 varianti keng tarqala boshlagani bilan izohlash mumkin", — deyiladi xabarda.
Misol uchun, dekabr oyida COVID-19 oqibatida qariyb 10 000 nafar kishi hayotdan ko‘z yumgan, infeksiya tufayli gospitalizatsiya qilinganlar soni noyabr oyiga nisbatan 42 foiz, intensiv terapiya bo‘limiga yotqizilganlar esa 62 foizga oshgan.
O‘sish dinamikasi kuzatilayotgan hududlar orasida Yevropa va Amerika mintaqasida joylashgan davlatlar yetakchi. JSST rahbari ushbu epidemiologik vaziyatni hisobga olib, koronavirusga qarshi ehtiyot choralarini izchil davom ettirish zarurligini ta’kidladi.
"Bu borada arzon va ishonchli sinamalar, tavsiya etilgan davolash usullari, tibbiy niqob hamda kasallikka qarshi vaksinalar yaxshi samara beradi. Hukumatlar ushbu masalaga alohida e’tibor qaratishlari kerak", — deb qayd etdi Gebreyesus.