Bozorlarimizni yurtimizning “tashrif qog‘ozi”ga aylantirish kerak — Mirziyoyev

O‘zbekistondagi bozorlarni loyihalashtirishga xorijiy mutaxassislar taklif etilishi kutilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 10 yanv — Sputnik. Bozorlarimizning o‘ziga xos jihatlarini saqlab qolgan holda ularni O‘zbekistonning “tashrif qog‘ozi”ga aylantirish kerak. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev savdo va xizmatlarni rivojlantirish, turizm va madaniyat maskanlarini barpo etishga oid taqdimot bilan tanish jarayonida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Toshkent viloyatining Parkent tumani tog‘lari juda xushmanzara. Ayniqsa, bahor-yoz mavsumida sayyohlar bilan gavjum. Bu boradagi sharoitlarni kengaytirish maqsadida Shahrisabzdagi Miraki, Parkentning Nurobod va Kumushkon hududlarida zamonaviy dam olish maskanlarini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Qashqadaryodagi Maydanak tog‘ maskanida yengil konstruksiyali xostellar qurish, mavjud binolarni savdo va xizmatlarga qayta ixtisoslashtirish, hududni obodonlashtirish mo‘ljallangan.
Turistlar boradigan joylardan biri bu – bozor. Lekin bugungi kunda ayrim bozorlar turistlar uchun jozibador emas, ularda milliy kolorit yetishmaydi.

"Bozorlarimizning o‘ziga xos jihatlarini saqlab qolgan holda ularni yurtimizning “tashrif qog‘ozi”ga aylantirish kerak. Oziq-ovqat, kiyim-kechak, zargarlik do‘konlari, oshxonalar, ko‘ngilochar maskanlar hamohang bo‘lishi, xaridorlar va turistlarni o‘ziga jalb qilishi zarur", – dedi Mirziyoyev.

Bu borada Turkiya va arab mamlakatlari tajribasini o‘rganish, loyihalashtirishga xorijiy mutaxassislarni taklif etish muhimligi aytib o‘tildi.
Taqdimotda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi turizm markazlarida qurilishi rejalashtirilayotgan bozorlar haqida ham axborot berildi. Davlat rahbari ularda ham hududiy koloritni aks ettirish, turistlar uchun kengroq sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Taqdimotda shuningdek, Toshkent davlat sirkini ta’mirlash, soha uchun kadrlar tayyorlashda ta’lim va amaliyotni uyg‘unlashtirish maqsadida 300 o‘rinli o‘quv binosini barpo etish rejalari muhokama qilindi.