TOShKENT, 9 yanv — Sputnik. O‘zbekistonga ilk bor chiqindi tashiydigan elektromobil olib kelindi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Elektromobil “Eko House” chiqindi klasteri tomonidan Xitoydan keltirildi.
Xitoy kompaniyasi mutaxassisi Vey Goning so‘zlariga ko‘ra, elektromobil ekologik jihatdan zararsiz. Kelajakda chiqindi tashiydigan elektromobillarni O‘zbekistonda ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
O‘zbekistonga ilk bor chiqindi tashiydigan elektromobil olib kelindi
© Ministerstvo ekologii, oxrani okrujayushey sredi i izmeneniya klimata respubliki Uzbekistan
“Bugungi kunda ekologiya, xususan, chiqindi sohasida yangi texnologiyalar joriy qilinmoqda, — dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. — Xitoyning “Chengdu Shiny Technology Co Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda olib kelingan elektrotexnika vositasi, avvalo, atmosferaga zaharli tashlamalar chiqarmasligi bilan ahamiyatli. Ya’ni bu mashina ekologiyaga zarar yetkazmaydi”.
“Mashina to‘liq quvvatda 300 kilometr masofani bosib o‘tadi. Bu esa kun davomida aholi yashash punktlaridan chiqindilarni olib, maxsus poligonlarga tashish imkonini beradi. Shuningdek, 3 tonnagacha yukni bemalol ko‘tara oladi”, — dedi “Eko House” chiqindi klasteri rahbari Jahongir Xudoyberdiyev.
Elektromobil dastlab Jizzax viloyatida sinovdan o‘tkaziladi. U tor ko‘chalarda ham yurishga mo‘ljallangan.