O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 2 mlrd dollardan oshiq kelishuvlar imzolandi

Andijon viloyati vakillari Xitoyga safari davomida imzolagan shartnomalarning umumiy qiymati 2 milliard dollardan oshdi.
Sputnik
TOShKENT, 8 yanv — Sputnik. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 2 milliard dollardan oshiq kelishuvlar imzolandi, deya xabar berdi Andijon viloyati hokimligi.
Ayni kunlarda Andijon viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya hamkorlik masalasida Xitoyda bo‘lib turibdi. Qayd etilishicha, Tanzin shahridagi O‘zbekiston elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda viloyat rahbari jami 650 million dollarlik shartnomalar imzoladi.
“Elektroskuter, elektroavtobus, quyosh panel elektrostansiyasi kabi loyihalar, shular jumlasidan”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq, yirik biznes forumi mobaynida delegatsiya 1,2 milliard dollarlik kelishuvlarga erishgan edi.
"Bu bilan Xitoy safari davomida viloyat rahbari tomonidan imzolangan shartnomalarning umumiy qiymati hozirgacha 2 milliard dollardan oshdi", — deyilgan xabarda.
Qayd etilishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik doirasida “Lanzhou Guangtong New Energy Automobile Co., Ltd” rahbariyati bilan 100 million dollarlik ikki tomonlama memorandum imzolandi. Mazkur hujjat viloyatda yillik quvvati 2000 ta elektroavtobus ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihani amalga oshirishni nazarda tutadi.
Qolaversa, “Gansu Yucun New Energy Technology Co., Ltd” kompaniyasi bilan Andijon suvoqava tizimidagi 1 ming 760 ta suv quduqlarida iste’mol kilinayotgan elektr energiyasi ta’minotini quyosh panel elektrostansiyalariga o‘tkazish bo‘yicha muzokara olib borildi. Yakunda ikki tomonning 400 million dollarlik kelishuvi imzolandi.