TOShKENT, 8 yanv — Sputnik. Ilk bor Adliya vazirligi faoliyatining barcha yo‘nalishlari bir tom ostida, “Ochiq eshiklar kuni”da namoyish etildi, deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Ilgari Adliya vazirligi bunday tadbirlarni FHDYo bo‘limlari, X.Sulaymonova nomidagi sud ekspertizasi markazi yoki davlat xizmatlari markazlarining o‘zida o‘tkazgan. Bu galgi tadbir barcha yo‘nalishlarni qamrab olgan holda vazirlik binosida tashkil etildi.
Shunday qilib, tashrif buyuruvchilar vazirlik faoliyati bilan tanishib, soha mutaxassislariga o‘zlarining qiziqtirgan savollarini bera olishdi. Ayrimlari esa davlat xizmatlarining qator turlaridan ro‘yxatdan o‘tishdi.
Mamlakat prezidenti farmoni bilan 1992-yil 8-yanvarda O‘zbekiston SSRning ittifoq-respublika Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining Adliya vazirligiga aylantirilgan. O‘tgan 31-yil davomida erishilgan eng yorqin yutuqlar, shuningdek, “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri qanday o‘tkazilgani haqida Sputnik O‘zbekiston videomaterialida tanishing.